Friday, December 8, 2006

Oq tulpor va kumush rang tolning ajoyib muhabbati

grek yozuvchisi Xristos Bulotis
Oq tulpor va kumush rang tolning ajoyib muhabbati
Keng yaylovning qoq o’rtasida sarviqomat bir tol o’sardi. Bu tolning qachon va qanday qilib bu yerda o’sib chiqqanini hech kim bilmasdi. Ehtimol, bu savolga sarviqomat tolning o’zi ham javob topa olmas. Barcha mavjudot uning sarvdek qomatiyu, kamondek egiluvchan shoxlaridan, ayniqsa, kumushdek tovlanadigan libosidan zavq olardi.
Kim o’ylabdi deysiz, bu tolning qanchalik baxtsiz ekanligini. Kumushrang tol o’z nigohini qanchalik olislarga tikmasin, afsusku, bu kengliklarda birorta ham daraxtni uchrata olmas edi.
“Dunyoga kelganimdan beri yolg’izman: na bir do’stim, na bir ko’ngil yozadigan suhbatdoshim bor” deb o’ylagancha hayol surardi u.
“Odamlar juda ham yolg’iz qolishgalarida “daladagi qamish qalamchalariday yolg’iz” deyishadi, aslida ular yolg’izlikda qolganlarida o’zlarini menga, ya’ni yaylovdagi yolg’iz tolga o’xshatishsa to’g’riroq bo’lardi”.
Shu va shunga o’xshash fikrlar bilan kumushrang tolning dili doimo xufton edi. Go’yoki bu sarviqomat, kumush rang tolning baxtli bo’lishga haqqi yo’qdek tuyulardi. Uning bor yo’q yupanchi, shubhasiz, bu qushalar edi. Biroq ular bilan ham gaplashish imkoniyati deyarli yo’q edi. Bu chug’urchiq qushlar kuni bilan shoxdan shoxga sakraganicha faqat kuylagani va uxlagani kelishardi. Chug’urchiqlar hanuzgacha kumushrang tolning tilini tushunganicha yo’q, aytishadiki, daraxtlarning tilini tushunish har qanday mavjudotning ham qo’lidan kelavermaydi. Chirilloqlarni aytmaysizmi, hattoki ular ham faqat ko’ngilxushligu, uyqu uchun kelishadi. Garchi har yoz kumushrang tol ularni o’z bag’riga olib, barchasini mehmon qilsa-da, ularning hech biri tol bilan suhbat quradiganga o’xshamas edi.
Shunday qilib, oylar, oylar ketidan yillar o’tardi. Endi nochor tol uchun go’yo butun borliq rangsizdek ko’rinardi, toki hayot unga munis tabassumini hadya etgunga qadar.
Tonggi yomg’irdan so’ng saxiy oftob bor zarrin nurlarini keng yaylov uzra sochgan kuz kunlaridan biri edi. Mehribon oftob tik turganicha saxiyligining eng yuqori cho’qqisiga chiqqan pallada kumush rang tol nogoh olis-olislardagi qirlar ortidan samandek yelib kelayotgan oppoq tulporga ko’zi tushdi. U go’yoki qordan-da oqroq edi. Bunchalik mag’rur va uchqur ot hali bu yaylovga qadam qo’ymagan edi, uning nazarida.
“Naqadar jozibador, u har sakraganida uning yollari go’yoki qadamiga hamohang raqsga tushayotgandek”, deb hayolidan o’tkazardi bo’ylari sarvdek tol.
Birmuncha o’tmay otning ustidagi o’rta yoshlardagi chavandoz bo’rligi ko’zga ko’rina boshladi. “Shubhasiz, bu tulporning xo’jayini”, deb o’yladi tol. Tulpor yaqinlashgan sari tol unga qarab to’ymasdi. Tulpor tol yonida to’xtab, xo’jayini uni kumushrang tolning tanasiga bog’lab qo’yganida, tolning xursandchiligidan yuragi qinidan chiqay dedi. Xo’jayin shu atrofdagi dalani sotib olgan dehqon edi, shubhasiz.
“Bu dalada ish qanchalik uzoq davom etsa, men ham shunchalik hamrohim bilan birga bo’laman”, deya hayolidan o’tkazdi va tolning baxtiyorligidan kumush rang barglari yanada tovlanib ketdi. “Kimning hayoliga kelibdi deysiz, mening hamrohim shunchalik go’zal bir tulpor bo’lishini!”
Biroq tulpor unga qayrilib ham boqmadi. Avvalasiga, tulporning bir daraxt bilan suhbat qurib hamroh bo’lishi hayoliga ham kirib chiqgani yo’q. Ikkinchidan esa, uning ko’ngli daraxtlarni unchalik ham xush ko’rmas edi, chunki uni tez-tez daraxtlarga bog’lab qo’yishardi. Tulpor esa keng dalalar va adirlar uzra yeldek, ozod uchib yurishni afzal ko’rardi. Kelib-kelib daraxt bilan hamroh tutinarmidi, buning ustiga daraxtlar gapirishni ham bilmasa.
Bir kun o’tdi, uning ketidan ikkinchi va xuddi shunday uchinchi kun ham o’tdi: kumushrang tol esa o’z poyida shu qadar go’zal tulpor tursa-da, yana o’zining oldingi g’am va anduhlariga ko’mildi.
Tol bir necha bora tulporga gapirishga harakat qildi, ammo tulpor esa buni tushunmadi ham.
Ketma-ket kunlar, uzundan-uzoq soatlar shu holicha bog’liq turgan tulporni ham sekin-asta yolg’izlik o’z domiga torta boshladi.
Bir kuni peshin paytida tulpor boshini yuqoriga ko’targancha bor nazari bilan tolga boqdi. Tolning go’zalligidan tulporning ko’zlari qamashib ketdi.
“Voajab! Bunchalik sarviqomat! Naqadar go’zal! Barglarini aytmaysizmi, xuddiki ular uzra haqiqiy kumush yashiringandek! Bu keng yaylov uzra bechora tol yolg’izligidan qanchalik baxtsiz bo’lsa-a!?”, deya tulpor o’ziga-o’zi pichirlaganicha yana tol jozibasidan zavqlanishda davom etdi .
--Ey tulpor, meni tushunganing uchun rahmat senga,- degan mayin, erkin bir sado tol barglari orasidan eshitildi.
Tulpor esa o’z quloqlariga ishonmas edi. Tolning so’zlagani esa haqiqat edi.
--Nahot daraxtlar ham so’zlasa?,- hayratlanib dedi tulpor, -men faqat hayvonlar tilini bilaman, qanday qilib sening tilingni tushunayapman?
Nihoyat oq tulpor tolni eshitib, unga javob qaytarganidan xursand bo’lgan tol dedi:
--Dunyoda har bir mavjudot o’z tiliga ega. Bu tilllarni o’rganish uchun esa ko’p yillar kerak bo’ladi. Ammo dunyoda shunday tillar ham borki, ularni tushunish uchun faqatgina tushunishni xohlashning, senga gapirishga harakat qilayotganlarga diqqatingni qaratishning o’zigina kifoya…

…Shu orada bahor keldi. Bu faslda tabiat tolga shunday bir go’zal libos hadya etdiki, hali yer yuzida bunaqangi go’zal kumush rang tol bo’lmagan edi go’yo. Oq tulpor esa undan zavqlanardi. Latofatli tol uzra jamiki qushlar yig’ilib, eng dilrabo kuylarini chug’urlagancha kuylashardi. Tunlari yaylovga sayrga chiqqanlarning ham keti uzilmasdi. Shunday kunlarning birida ularning do’sti to’lin oy atrofida millionlab yulduzlari bilan tashrif buyurdi. To’lin oy engasha-engasha tolning eng yuqori shoxiga qo’ndi.
--Sizga mukofotingizni olib keldim, mana, oling!, -dedi shodlangancha oy va ularga bir qizil tugunchani uzatdi, -buni menga qo’shni yulduzdan bir go’zal suv parisi berib yuborgan edi. Uning ichida sehrli tilla kukun bor! Boshingiz uzra kukunni sochar ekanman, ikkingiz ham bir tusga kirasiz va bundan buyon ikki xil mavjudot bo’lmaysizlar. Muhabbatingiz yo’lida hech qanday to’siqlarga uchramay, davru-davron surasizlar. Tanlang: Ot bo’lib yashashni xohlaysizmi yoxud tol bo’libmi?
Shunda faqatgina haqiqiy muhabbatlarda bo’ladiganidek tol va tulpor bir-birini fikrini o’qigandek baravariga javob berishdi:
--Hadyang uchun rahmat, to’lin oy! Lekin biz qanday bo’lsak, shundayligimizcha qolishni xohlaymiz. Bizlar shunchalik baxtiyormizki, muhabbatimizning hech qanday sehrli kukunga ehtiyoji yo’q.
--Men shuni yaxhsi bilamanki,-davom ettirdi tol, -mening tulporim uzoq-uzoqlarda erkin, ozod kezishni sevadi.Men esa otdek sakrash to’g’ri kelmaydi. Menga qisqa tungi sayrlarning o’zi ham yetarli. Men aksincha mayin shabadada yengil tebranishni afzal ko’raman.
--Mening kumush rang tolim haq,-deya qo’shimcha qildi tulpor, -men uning poyida dam olaman va doim uning yoniga qaytib kelaman. Ikkimizga ham muhabbatimiz shu yo’sinda bo’lgani ma’qul! Biz shundayligimizcha ya’ni u tolligicha, men esa tulporligimcha qolamiz.
Tulpor o’z so’zini hali tugatib ulgurmasidanoq to’satdan oyoqlari ko’tarilganini his qildi. Tol birinchi marta hech qanday og’riqlarsiz pastga egildi. Shunday qilib ular ilk bo’sasini bir-biriga hadya etishdi…
Bu marhamatdan esi og’ay degan to’lin oy chapak chalib, bor ovozi bilan qichqirib yubordi:
--Ey insonlar, uyg’oninglar, yer yuzidagi eng beg’ubor muhabbatga qaranglar!
Bu tun to’lin oy samo uzra o’z sayohatini davom ettirishni unutgan yagona tun edi.

Tarjimonlar: Zendro & Dido
Dec 8, 2006
16:39 p.m.

1 comment:

  1. Ассалому алайкум
    Ҳикояни ўқиб чиқдим. Жуда чирой экан. Менга ёқди. Сизларга раҳмат.

    ReplyDelete