Pages

Friday, November 13, 2009

Nikoh shartnomasi


Ikki haftalar olding Institutimizga Germaniya Oliy sudi sudyalaridan biri tashrif buyurdi. Aslida Senatga tashrif buyurgan sudya xonim rektorimiz taklifiga binoan talabalar bilan suhbat o’tkazdi.
Sudya xonim oila munosabatlari bo’yicha mutaxassis ekan. Germaniya oila huquqi to’g’risidagi tanishtiruv ma’ruzasidan so’ng savol berish navbati talabalarga o’tdi. Rektorimiz chet ellik mehmonlar kelganda xorijiy tillarni biladigan talabalari bilan maqtanishni yaxhsi ko’radi. Tarjimon bo’lishiga qaramay ingliz tilida savol berdik. Oramizda bitta bo’lsa ham nemis tilini biladigan talaba qiz topildi, u nemis tilida savol berdi. Albatta, bundan sudya xonim xursand bo’lgan bo’lsa kerak.
Savollar asosan oilaviy munosabatlardagi ajralishlar haqida edi. Talabarni qiziqtirgan narsalar ko’proq statistik ma’lumotlar bo’ldi. Meni qiziqtirgan savol oila sudlariga sudlarning tayyorlanishi, ularning ta’lim jarayoni edi. Ammo, suhbat davomida o’rtaga tashlangan bir savol e’tiborni jalb qildi: bu nikoh shartnomasi edi. Nikoh shartnomasiga O’zbekistonda kirishayotganganlar foizi qancha ekan? Men hozirgi kungacha biron kishining nikoh shartnomasiga kirishibdi, degan xabarni eshitganim yo’q. Eslayman, ikkinchi kursligimda huquqshunos akam uylangan edi, o’shanda men nahotki siz yurist bo’la turib nikoh shartnomasi tuzmaysiz deganimda, esing joyidami degandi. Xosh, nikoh shartnomasi tuzmaslikning nimasi yomon?

Thursday, November 12, 2009

Kutubxona va taraqqiyot

Bugun Alisher Navoiy kutubxonasiga bordim. Ko’proq shug’ullanishim va yozishim kerak bo’lganligi bois, shaxsiy komputerimni ham olib brogan edim. Kiyimlar va buyumlar saqlanadigan xonaga narsalarimni qo’yib, mutolaa xonasiga kirsam, bu yerda komputer bilan ishlash mumkinmasligini aytishdi. Shug’ullanish uchun komputer zarurligini tushuntirganimdan so’ng, mutolaa xonasida elektr tokiga ulashning imkoni yo’qligini, agar elektr tokidan foydalanmoqchi bo’lsam, dissertatsiyalar xonasiga chiqishim kerakligini tushuntirishdi. Rozi bo’lib, dissertatsiya bilan shug’ullanuvchilar xonasiga borsam, u yerda shaxsiy kompyuter bilan kutubxona elektr tokidan foydalanish mutlaqo mumkin emasligini, bu haqda kutubxona ma’muriyatining bir parcha qog'ozga ogohlantirishyozib qo'yganini ko'rdim. Nachora, xatto kutubxona ma’muriyati tomonidan chiqarilgan hujjatda shunday deyilgan ekan, bo’ysunishdan boshqa iloj yo’q. Kutubxonachi xodimlarning baqiriq-chaqiriq, ayrimlarining esa bunday noqulay ahvolga tushib qolganimdan qilgan qayg’urish ko’rinishidagi munosabatlarini chetga qo’ya turaylik va meni o’sha paytidagi omadim yurishmagani tufayli tushib ketgan kayfiyatimni ham unutaylik, ammo ma’rifat, jiddiy va chuqur izlanish maskani bo’lgan kutubxonada o’quv quroli bo’lgan shaxsiy kompyuterdan foydalanishning taqiqlanishini qanday so’z bilan izohlash mumkin?