Friday, March 3, 2006

Tasavvurimdagi komil inson

Har bir odam orol emas, deganlaridek inson hech narsaga bog’liqsiz holda yashay olmaydi. Hayotda u kimgadir suyanib, kimgadir tayanch bo’lib yashaydi. Hayotdagi ikir-chikirlar bilan mashg’ul bo’lib, inson xuddi olomon ichida ketib borayotgan odamga o’xshaydi. Biz iloji boricha olomon ichidan chiqib olishga harakat qilamiz. Ba’zida suvsiz sahrolarda, dahshatli jarliklar oldidan chiqib qolamiz. Biz adashdik, demakki xato qildik. Chunki biz oson va qing’ir yo’lni tanlagan edik.
Bizni doim katta, nurga to’liq yo’l chorlab turadi. Unga yetishish yo’lida intilamiz. To’g’ri yo’lni tanlagan, mashaqqatlar chekib bo’lsada, olomonga qarshi chiqib, katta yo’lga yetishgan kishi komil insondir. U kamolotga yetishgan hisoblanadi.
Atrofdagi yangiliklar, mo’jizalarni ko’rib ulardan hayratlanar ekanman, ularni bilishni, o’zimda ham bo’lishini xohlayman. O’qiyman, o’rganaman, izlanaman. Demak, men intilayapman. Kamolot sari adashmay, qoqilmay yetib olishim uchun menga rahnamo kerak. Men ana shunday ideal odamni o’z tasavvurimda bunyod etdim. Bu Abdulla Qodiriy romanidagi Otabekdir. To’g’ri, Otabek ham qusurlardan holi emas. Men uni o’zgartirdim, zamonga moslashtirdim. Men u bilan suhbatlashaman, bahslashaman, dardlashaman. Uning qilgan ishlaridan xulosa qilib, o’z hayot yo’limni tanlayman. U tasavvurimdagi men har tomonlama intiladigan shaxsdir. U mening hayot yo’llarimda mayoq bo’lib porlab va har doim meni o’ziga chorlab turadi.
Menimcha, har bir insonning tasavvurida o’zi intiladigan ideal shaxs bo’lishi kerak. To’g’ri , hayotda deyarli ideal shaxsninig o’zi yo’q. Lekin komillikka intilgan inson kam bo’lmaydi. Inson tasavvuridagi ideal shaxs bilan birga bo’lsa, uning ko’zlarini ziyo nuri to’ldirib, yo’li munavvar bo’ladi. Uni chorlayotgan katta, nurga to’liq kamolot ko’chasiga yetishish tobora osonlashib boradi.
Komil inson qanday bo’lishi kerak?
Avvalom bor, Olloh bizni yashash uchun yaratibdimi, yashash, yashaganda ham yaxshi yashash kerak. Hayotda har bir narsadan lazzatlana olish kerak. Ezgulik urug’larini ekib, hayot yo’lini yorug’ qilish kerak. Insonning yashashdan bitta muddaosi bor, bu ham bo’lsa, baxtli bo’lishdir, degan ekan fayslasuf. Xuddi shunday inson baxtga intilib yashashi kerak.
Baxt nima? Bu savob ishlaringning gunohlaringdan ustun kelishi, ota-onang ko’nglini olish, yaxshi farzand tarbiyalab, uning hosilini ko’rish. Bir Ka’bani bunyod etgan kabi bir inson ko’nglini ko’tarish, odobli, mehribon, aqlli, jonkuyar va iymonli bo’lishdir. Komillik ifodalarini sanab hisobiga yetib bo’lmaydi. Shulardan aqalli bittasiga erishsak, hech bo’lmasa shu yo’lda intilsak hayotda maqsadimiz borligidan dalolatdir. Komillikkka yetishish istagi bilan, o’y-hayoli bilan yashasak, o’zimizni baxtiyor sezgan bo’lamiz. Tilagim, har bir inson, yoshu qari mana shu istak, niyat bilan yashasin, umr o’tkazsin.
Tilagim, yoshlarga baxtdek yo’liqqan
Ilk tuyg’u, sevinchlar doim yor bo’lsin.
Umringiz biz ilk bor cho’qqiga chiqqan
O’sha pok fasldek beg’ubor bo’lsin.

1 comment:

  1. Ma'noli va go'zal tilda yozilgan ekan. Nimaga blogingizni to'xtatib qo'ydingiz?

    ReplyDelete