Pages

Friday, March 24, 2006

Vatanimga kelganda bahor

Shiawase janoblari:

Vatanimga keldi kelinchak bahor,
Yuzin ochib, qishni ayladi nochor.
Ko'klamni qo'msagan yurtim qizlari,
Mendayin bo'ydoqni qildilar abgor.

Tashakkur, bahorim, yuzlari anor,
Qadaming qalbimdan haydadi g'ubor.
Endi hech tortinmay, DIDOxonimga,
Otashin sevgimni qilaman izhor.

DIDOxon, tinglagin, ko'zlari xumor,
Qo'rqaman, dunyoda yomonlar bisyor.
Kirdikor "ko'zlardan" asrasin uchun,
Kel tezroq, beraman ajib bir tumor.

Javob:

Vatanimga kelganda bahor
Sen ham kelding yonimga xumor
Ahvolimni aylamoqchi xor
Sevgi degan tuy'gu betakror

Vatanimga kelganda bahor
Qizlar kular, ular beg'ubor
Har kulgida bir latofat bor
Men ham endi latofatli yor.

Vatanimga kelganda bahor
Shamol essa sharqdanda bir bor
Men devona ishqidagi zor
Yuboradi ishq hidin bisyor.

Friday, March 3, 2006

Barbod ayladi bu ishq

Ishq deya hayotim qilibman poymol
Meni istaganlar qalbin qilib xor.
Farhodlar bo’lmagan, Majnuni bekor
Aldading taqdirim, bo’lding nobakor.

Sevgi deganlari umrbod edi
Tushlaringda endi ko’rmay qo’yibsan.
“Toabad kutaman”—va’dalar qani
Demak, unutibsan, sevmay qo’yibsan.

Endi Zulayhomi tushgan ahvolim
Yo’q sen Yusufchalik sevolmas eding.
Qasamlar ichaman, bilib gunohim
Sen baribir menchalik sevolmas eding.

March 2, 05 USA

Yaqindagi olisim


Ko’zlarimning sirlarida asraganim
Ruhim bilan o’ngim meni bo’ldi bo’lak.
Bahor kelsa yomg’irlardek qo’masaganim
Oh devonam qalbimga bir o’zing kerak.

Nahot shuncha begonasan olislarda
Ayni zamon sendan o’zga yaqinim yo’q.
Niyatlarim yetib borsa xolislarda
Baxtli kunchun sendan boshqa darmonim yo’q.

Ko’zlarimning qarosida o’ynar aksing
Lablarim ham pichirlasa sening isming.
Hayhot bir bor uchrashmoq ham mushkul tugun
Soyalarda chizmog’im bor seninig jisming.

Yaqindagi olisim, uzoqdagi begonam
Qalbimda musofirlik qilmagin mashrabonam.
Sirlarimning sardori, ishqimda bir devonam
Yalinaman taqdirdan iqbolga ber zamonam.
June 12. 05 Tashkent

Bir donishmand degan ekan....

Dunyoda to'rt ajoyib narsa mavjud:
Birinchisi, qancha yesang ham kamaymaydi, u g'amdir.
Ikkinchisi, qancha bersang ham turaveradi, u insofdir.
Uchinchisi, qancha oqizsang ham tugamaydi, u ko'z yoshlaridir.
To'rtinchisi, qancha sinsa ham qiymati pasaymaydi, u dildir.

Tasavvurimdagi komil inson

Har bir odam orol emas, deganlaridek inson hech narsaga bog’liqsiz holda yashay olmaydi. Hayotda u kimgadir suyanib, kimgadir tayanch bo’lib yashaydi. Hayotdagi ikir-chikirlar bilan mashg’ul bo’lib, inson xuddi olomon ichida ketib borayotgan odamga o’xshaydi. Biz iloji boricha olomon ichidan chiqib olishga harakat qilamiz. Ba’zida suvsiz sahrolarda, dahshatli jarliklar oldidan chiqib qolamiz. Biz adashdik, demakki xato qildik. Chunki biz oson va qing’ir yo’lni tanlagan edik.
Bizni doim katta, nurga to’liq yo’l chorlab turadi. Unga yetishish yo’lida intilamiz. To’g’ri yo’lni tanlagan, mashaqqatlar chekib bo’lsada, olomonga qarshi chiqib, katta yo’lga yetishgan kishi komil insondir. U kamolotga yetishgan hisoblanadi.
Atrofdagi yangiliklar, mo’jizalarni ko’rib ulardan hayratlanar ekanman, ularni bilishni, o’zimda ham bo’lishini xohlayman. O’qiyman, o’rganaman, izlanaman. Demak, men intilayapman. Kamolot sari adashmay, qoqilmay yetib olishim uchun menga rahnamo kerak. Men ana shunday ideal odamni o’z tasavvurimda bunyod etdim. Bu Abdulla Qodiriy romanidagi Otabekdir. To’g’ri, Otabek ham qusurlardan holi emas. Men uni o’zgartirdim, zamonga moslashtirdim. Men u bilan suhbatlashaman, bahslashaman, dardlashaman. Uning qilgan ishlaridan xulosa qilib, o’z hayot yo’limni tanlayman. U tasavvurimdagi men har tomonlama intiladigan shaxsdir. U mening hayot yo’llarimda mayoq bo’lib porlab va har doim meni o’ziga chorlab turadi.
Menimcha, har bir insonning tasavvurida o’zi intiladigan ideal shaxs bo’lishi kerak. To’g’ri , hayotda deyarli ideal shaxsninig o’zi yo’q. Lekin komillikka intilgan inson kam bo’lmaydi. Inson tasavvuridagi ideal shaxs bilan birga bo’lsa, uning ko’zlarini ziyo nuri to’ldirib, yo’li munavvar bo’ladi. Uni chorlayotgan katta, nurga to’liq kamolot ko’chasiga yetishish tobora osonlashib boradi.
Komil inson qanday bo’lishi kerak?
Avvalom bor, Olloh bizni yashash uchun yaratibdimi, yashash, yashaganda ham yaxshi yashash kerak. Hayotda har bir narsadan lazzatlana olish kerak. Ezgulik urug’larini ekib, hayot yo’lini yorug’ qilish kerak. Insonning yashashdan bitta muddaosi bor, bu ham bo’lsa, baxtli bo’lishdir, degan ekan fayslasuf. Xuddi shunday inson baxtga intilib yashashi kerak.
Baxt nima? Bu savob ishlaringning gunohlaringdan ustun kelishi, ota-onang ko’nglini olish, yaxshi farzand tarbiyalab, uning hosilini ko’rish. Bir Ka’bani bunyod etgan kabi bir inson ko’nglini ko’tarish, odobli, mehribon, aqlli, jonkuyar va iymonli bo’lishdir. Komillik ifodalarini sanab hisobiga yetib bo’lmaydi. Shulardan aqalli bittasiga erishsak, hech bo’lmasa shu yo’lda intilsak hayotda maqsadimiz borligidan dalolatdir. Komillikkka yetishish istagi bilan, o’y-hayoli bilan yashasak, o’zimizni baxtiyor sezgan bo’lamiz. Tilagim, har bir inson, yoshu qari mana shu istak, niyat bilan yashasin, umr o’tkazsin.
Tilagim, yoshlarga baxtdek yo’liqqan
Ilk tuyg’u, sevinchlar doim yor bo’lsin.
Umringiz biz ilk bor cho’qqiga chiqqan
O’sha pok fasldek beg’ubor bo’lsin.