Thursday, December 30, 2010

Sa'diyning Gulistoni haqida

Shayx Sa'diy Sheroziyning "Guliston" asarini o'qiyapman. Maktabda adabiyot fanidan bir marotaba Sa'diy haqida mavzu o'tganligimizni eslayman. Ammo maktabdagi dars va darslikdagi Sa'diy haqidagi ma'lumotlar menda bunday buyuk zotning ijodiga qiziqish uyg'otmabdi chog'i, ijodi bilan jiddiy yondashishga sabab bo'lmabdi. O'tgan yili Yorqinjon Qorining ma'ruzalarini maroq bilan tinglab yurardim. Aslida oddiy haqiqatlarni bizga o'z tilimizda tushuntirayotgan Qori ko'plab ibratli misollarni Sa'diyning asarlaridan keltirardi. Misollardagi majoziylik va gapni indallosi ayni kerakli nuqtaga yetib borishi Sa'diy shaxsiyatiga nisbatan hurmat va ijodiga nisbatan katta qiziqish uyg'otdi.
Sa'diy 90 yil umr ko'rgan fors ijodkori, barakali umrining 20 yilini sayohat bilan o'tkazgan. 50 yoshiga yetganda hayotda o'zidan keyin odamlar va o'zi uchun foydali bir narsa qoldirish maqsadida sayohatga chiqib, ko'rgan-kechirgan, eshitgan ibratli hikoyalarini to'plab "Guliston" yaratadi.
O'zbek tilida kitob o'qimoqchi bo'lib, Ziyouz kutubxonasidan "Guliston" asarining elektron versiyasini topdim va ayni damda mutolaadan maroqdaman. Muhimi, asarni o'zbek tilidagi tarjimasi yaxshi chiqgan. Asar ma'lum mavzularga bag'ishlangan boblardan iborat. Har bir bobda o'z mavzusiga aloqador ibratli hikoyalar asosan nasrda va qo'shimcha jilodorlik uchun nazmda bayon etiladi. O'zi oddiy, ko'rimsiz kitob bo'lishiga qaramay, o'qish davomida xuddi injular sohilida har qadamida duch kelgan dur-u gavharlarni ko'rib entikayotgan odamga o'xshayman. Xullas, asardagi ba'zi o'zimga ma'qul bo'lgan hikoyatlarni sahifam orqali siz bilan baham ko'raman. Sa'diy hikoyatlarini Sahifadagi "Ibrat" rukni ostida topishingiz mumkin. 

No comments:

Post a Comment