Wednesday, December 29, 2010

1-Hikoyat

Bir darvesh sahroning xilvat bir yerida o’tirgan edi. Shu mahal podshoh o’sha yerdan o’tib qoldi. Qanoat mulki ichra farog’atda bo’lgan darvesh podshohga qayrilib ham qaramadi. Podshoh darveshning bu ishini saltanat sh’aniga tahqir bilib, dedi: “Bu xirqa (janda) kiyganlar bamisoli qoramolga o’xshaydilar, ular tavozeni ham, odamgarchilikni ham bilmaydilar”. Shunda vazir darveshga yaqin borib, dedi: “Ey darvesh, podshohi olam sening yonigga keldilar, nima sababdan izzat-ikrom qilmading, odob qoidalarini bajo keltirmading?” Darvesh aytdi: “Podshohga degilkim, ne’mat va iltifotdan umidvor odamdan izzat va xizmat kutsin. Yana shuni ham aytib qo’ygilki, fuqarolar podshohga itoat etmoq uchun emas, balki podshohlar fuqaroga xizmat etish uchun yashaydilar”.

Garchi ne’mat bilan davlat uniki,
Lekin darveshlarga shohdir posbon.
Qo’ylar cho’pon uchun xizmat qilmaydi,
Balki qo’ylar uchun kerakdir cho’pon.

Bittani to’qu tinch ko’rasan bukun,
Bittasi urinib bo’lmish dil yara.
Necha kun sabr etib, o’zga mag’rurning
Miyasin tuproqlar yeganin qara.

Taqdirning zo’r hukmi ijro bo’larkan,
Shohu gadoligin farqi yo’q zarra.
Birorta qabrni ochib qarasang,
Boy, faqir so’ngagin bilmaysan sira.

Darveshning so’zi podshohga qattiq ta’sir qilib, dedi: “Tila tilagingni, beray murodingni”. Darvesh dedi: “Bundan buyon menga aziyat bermagil!” Podshoh: “Menga bir maslahat bergin!” dedi. Darvesh bu baytni o’qidi:

Hozir-ku qo’lingda ne’mat, davlat bor,
Qo’ldan qo’lga ko’char, bergil e’tibor.

Sa’diyning  “Guliston”idan parcha. 

No comments:

Post a Comment