Pages

Tuesday, April 27, 2010

Tasavvuf (sufiylik) haqida ma'lumot


Tasavvuf (sufiylik)da bir qancha suluklar mavjud. Masalan, Suhravardiya, Kubraviya, Qodiriya, Chashtiya, Qalandariya va boshqalar. Hazrati Xoja[1] asos solgan suluk Naqshbandiya deb ataladi. Naqshbandiya so’zi Hazrati Xojaning laqablari bo’lib, matoga naqsh (gul) solishni bildiradi. “Maqomat”[2]ning bir yerida Hazrati Xoja mato to’qiydigan do’konlari borligiga ishora qiladilar. Bu so’zning ramziy ma’nosi ham bo’lib, muridning qalbiga Alloh muhabbatining  naqshlanganligini bildiradi.
Naqshbandiya sulukining yuqoridagi suluklardan bir qancha farqli tomonlari mavjud:
            Birinchidan – naqshbandiya suluki qo’l mehnati bilan, halol ter to’kib hayot kechirishga targ’ib qiladi. Hazrati Xojaning mashhur “dil ba yoru dast ba kor” (dil yorda, qo’l ishda) degan so’zlari ana shuni ifodalaydi. Hazrati Xoja o’z ovqatlarini ziroat orqali topar, yerlariga don, sabzi, turp, piyoz ekar, ho’kizlarni ehtiyotlab asrar, qo’y va sigirlaridan doimo boxabar bo’lib turardilar. Bu esa Rasulullohning sunnatlariga muvofiq edi. Zotan Rasulullohning o’zi: “Haqiqiy musulmon bu dunyoni deb, u dunyosini tashlamaydi, u dunyo deb, bu dunyosini qo’ldan bermaydi”, degan edilar. Naqshbandiya sulukiga kirgan kishilar oilasini obod qilish, mamlakatga qarash, savdo-sotiq bilan shug’ullanish va boshqa huquqlarga ega bo’lganlar. Shuning uchun ham bu suluk tez rivojlanib, keng yoyilgan.
            Ikkinchidan – naqshbandiya sulukidagilar boshqa suluklardagilar kabi “zikri aloniya” bilan emas, balki “zikri xufiya” bilan shug’ullanganlar. Zikri aloniyada muridlar pir oldiga yig’iladilar, raqsu simo’ qiladilar, ya’ni kimdir tasavvufona g’azallarni ohang bilan o’qiydi, boshqalar esa raqs bilan zikrga tushadilar. Ular Alloh ismini yoki “lo iloha illalloh” so’zini ovozlari boricha baqirib aytadilar. Xoja Ahmad Yassaviy suluklaridagilar mana shu zikrga amal qilib, ularning zikrini “zikri arra” deydilar. Bunda zikr qilayotgan odamning og’zidan arraning yo’goch kesayotgandagi ovozi keladi. Jaloliddin Rumiy asos solgan mavlaviya sulukidagilar ham ana shunday yo’lni tanlaganlar. Zikri aloniya shug’ullanishga ancha qiyinchilik tug’diradi. Shuning uchun Hazrati Xoja ulamo va darvishlarni to’plab, o’z piri Amir Sayyid Kulol oldiga yuboradi va zikri aloniyadan voz kechishni so’raydi, biroq rad javobini oladi.
Zikri xufiyada esa muridlarning bir yerga to’planishi shart emas, har kim o’z uyida shug’ullanaveradi, shovqin-suron, raqsu simo’ bo’lmaydi. Murid ismi zot(Alloh), nafyu isbot (lo iloha illollah)ni dilida aytadi. Zikri xufiya bilan shu’gullanish, nafyu isbotni toq sonda tugatishni Abdulholiq G’ijduvoniyga Hizr alayhis salom ta’lim bergan, ulardan esa Hazrati Xojaga o’tgan edi. Zikri xufiya aytish ko’pchilikka qo’l kelar, oddiy hunarmanddan tortib, to davlat arboblarigacha kunduzi ishlab, kechasi bu zikr bilan shu’gullanish imkoniyatiga ega edilar. Ko’pgina podsholar, jumladan, shayboniyxonlardan Ubaydulla Sulton (Ubaydiy)ning pirga qo’l berganliklari va bu zikr bilan shug’ullanganliklari haqida ma’lumotlar bor.
            Uchinchidan – naqshbandiya sulukiga mansub valiylarda bemordan kasallikni o’zlariga tortib olib, so’ng bu illatni o’zlaridan chiqarib tashlash quvvati mavjud edi.  “Maqomat” da Hazrati Xojaning bemorlarga va hojatmand kishilarga ko’rsatgan yordamlari haqidagi hikoyatlarni o’qishingiz mumkin. Boshqa suluklarda esa kasallikni tortib olib, uni qayta haydab yuborish quvvati bo’lmagan.
            To’rtinchidan – naqshbandiya sulukidagi avliyolar karomatfurushlikka keskin qarshi bo’lganlar. Muridning asosiy maqsadi ma’naviy va ruhiy poklanish. Allohga yetishish va vahdat hosil qilishdan iborat. Hazrati Xoja musulmonlar og’ir holatga tushib qolganlaridagina karomat ko’rsatganlar. Boshqa hollarda esa soliqlarni qiziqtirish yoki ularga adab berish maqsadidagina karomat ko’rsatganlar. Hazrati Xoja huzuriga qush kabi uchib kelgan avliyoga mahliyo bolib qolgan muridlarga qarata “Pashsha ham ucha oladi”, degan edilar.
            Hazrati Xoja o’zlarining kuchlari hamda avliyolik quvvatlari bilan odamlarni ma’naviy  va ruhiy poklanishga, xalqqa jafo yetkazayotgan zolimlarning payini qirqishga, xalq ommasini ilmu ma’rifat bilan qurollantirishga, Rasululloh sunnatlariga to’liq amal qilib, dinni bid’atlardan tozalashga harakat qiladilar. Xalq ichida bu zotning shu qadar obro’-e’tibor topishining sababi ham ana shundadir.

“Bahouddin Balogardon” Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali
1993-yil.


[1] Xoja Bahouddin Muhammad Naqshband
[2] Hazrati Xojaning hayotini, sulukini, qilgan ishlari, aytgan so’zlari va ko’rsatgan karomlatlarini o’z ichiga olgan yirik asar “Maqomoti Xoja Naqshand” (“Xoja Naqshbandning hayot yo’llari”) kitobi bo’lib, uni Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali Hazrati Xojaning muxlislaridani biri yozgan.

No comments:

Post a Comment