Pages

Friday, April 24, 2009

Ota-ona nazari bilan

Yaponiyaga bundan oldin kelganimda yapon oilalari bilan 3-4 kun o’tkazish uchun Madaniy Almashinuv dasturini o’tagan edim. Baxtimga juda ham yaxshi oila bilan tanishdim: yoshlari 62 va 60 lar atrofidagi er-xotin va ular bilan birga yashovchi buvilari va 35 yoshlardagi qizlari. Men ular bilan vaqtimni chog’ o’tkazardim: oila boshlig’i Takao (men ularni ota-yani Otousan deb chaqiraman)ning nihoyatda keng dunyoqarashi va komputerlar va texnika olamiga bo’lgan qiziqishi yoqib, soatlab suhbatlashardik. Eng muhimi, ikkalamiz ham uchchiga chiqgan video va rasm borasida qiziquvchan chiqib qoldik. Otousan Takao men bilan ingliz tilida so’zlashishga harakat qiladi, men esa uning shu yoshigacha to’xtamay ingliz tilini o’rganib kelishiga qoyil qolaman. Oiladagi ayol-onasi Junko esa juda ham o’zbek ayollariga o’xshash. Uni faqat farzandlari va oilasi, ya’ni qaynonasi, xo’jayini va bolalari haqida qayg’urishlari, har bir ishni 82 kirib, qartayib qolgan qaynonasining ruxsati bilan qilishi, erining aytgan gapidan chekkaga chiqib keta olmasligi, oddiy narsalar ustida ham boshqaning ko’nglini og’ritib qo’ymaymanmi deb o’ylanib, iymanib, oldidan o’tolmay o’tirishlari bevosita o’zimni mushtipar onamni eslatib yuboradi. Shunda, ha mana bu haqiqiy sharq ayoli, degim keladi. Yana Okaasan(ona degani) Junko o;zari tan olib qoyadilar: men shuncha yildan beri faqat oila ishlari bilan bo’lib, oddiy narsalar uchun ham o’zim qaror qila olmaydigan bo’lib qolganman, buni ham o’rganish kerak ekan ba’zida deb. Miyig’imda jilmayib, shu xislatingiz bilan ham siz yoqimlisiz degim keladi.


Men Yaponiyaga yana qaytib kelganimdan keyin ham ular bilan aloqani uzmadim, qaytaga oldingidan ham yaqinlashdik. Nagoyadan unchalik uzoq bo’lmagan shahar tashqarisidagi Ichinomiyaga bo’shroq dam olish kunlarim topildi deguncha qatnaydigan bo’ldim.

Haqiqiy oila bilan yashash qanday yaxshi, har safar Ichinomiyaga qaytar ekanman, bir dunyo mehrga to’la yurak bilan qaytaman. Mehr bu odamga yaxshi ovqat olib berishda, biror joyga aylanishga borishda yoki sovg’alar berishda emas. Yuraklarni yayratadigan mehr bu Okaasanning to Ichinomiyaga yetib olgunimcha kerak bo’lsa o’n martalab xavotir olganicha telefon qilishlarida, yo’lni o’zim bilsam ham poyezd bekatida sovuq kunmi, qorong’u kechmi kutib olishlarida, har ikki minutda sovqotmayapsanmi, qo’lqopingni kiyib ol, ro’molingni o’rab ol, deb turishlarida, Otousannning oddiy bir qiziqish bilan bergan savolimga to’liq javob berish uchun soatlab Internetni titkilab javob izlashlarida… bunga o’xshash barchasini sanasam adog’sizda tuyuladi.

Umuman olganda, har doim ham oila bag’ri issiq, odam qayerda kim bilan bo’lmasin oila bag’rida o’zini yaxshi his qiladi, degan fikrdaman. O’ylab o’ylab, Onajon, sizni duolaringiz tufayli degim keladi yana. Doima “Oq yuzli, obro’li qilsin, iymonli insofli va diyonatli odamlarga duchor qilsin” deb duo qilasiz. Shu duolarni kuchi bilan yuribmanda, Onajon.

Bugun Otousan bilan skypeda gaplashgan edim, kecha kechki payt Milandan qaytib keldim, dedilar. Otousanning katta qizi Sachiko Italiyada yashaydi, o’tgan yili italiyalik bir yigitga turmushga chiqgandi. Men hayron bo’lgan narsa va Ito lar oilasi kutmagan narsa shu ediki, Sachiko telefon qilib, bugun bizlarni to’yimiz bo’ldi, desa boladimi.Men bu holatni osonlikcha aqlimga sig’dira olmadim. Ammo keyinchalik axir bular yapon, Sachiko Italiyada, yoshlari katta, axir bu mening yurtimva mening madaniyatim emas, bularda shunaqasi ham bo’lishi mumkin deb ko’niktirdim o’zimni. Men Takao va Junko Sachikoning to’yiga Italiyaga borishni rejalashtirib yurishganini bilardim, ularni bu kutilmagan xabardan tushgan ahvollari meni ozgana achintirdi. Nahotki?! degan savol boshimda aylanardi.

Bu voqeadan to’rt-besh oycha vaqt ham o’tib qoldi. Bugun Otousanning gaplaridan yig’lagim keldi. Italiklarlar odam emas ekan, bilasanmi Sachikoni eri ham italiyalik, men u bilan uchrashishga borgan edim, uchrashuvimiz 4 marta keyinga qoldirildi, undan ko’rasi ketayotganimda aeroportda uchrashib qo’ya qolsak bo’lar edi, deydilar.Sachiko haqida so’ragan edim, eeeehhh, sen so’raman men aytmay, deydilar, u ham italiyalik bo’lib ketibdi, baland ovozda gapirgani gapirgan, gapira turib sen haqinda umuamn oylashmaydi, faqat o’zalari o’ylagan narsa muhim deb tushunishadi, meni aeroportda kutib olib, qo’limdagi video kameram haqida gaplashdiyu, besh minut o’tar o’tmas, “mayli men ketdim” deb ketib, qoldi, bilasanmi, men aeroportdan mehmonxonamgacha o’zim avtobusda bordim, o’shandagi ahvolimni tasavvur qilsang edi, deb qoldilar.Men aytayotgan narsalarni tushunish uchun yo yapon yo o’zbek bo’lishi kerak, deydilar. G’alati bo’lib ketdim. Nahotki ota-onaning hurmati qadri shunchalikka borgan bo’lsa? Meni dadamdan ham katta bir odamning shunday kuyunib aytgan gaplaridan bir dunyo o’yga cho’mdim. Yapon jamiyati, oiladagi tarbiya, kim aybdor, shunaqangi mushukka ozor bermaydigan ota-onami, yoki o’zboshimcha bo’lib qolgan farzandlarmi, va shunga o’xshahsh bir qancha savollar haqida o’ylay boshlayotgan edim, birdan menchi, men o’ta-onamni shu ahvolga solib qo’ymadimmi, degan o’y kelib qoldi. Shunda bir o’zimga, o’zim qilayotgan ishlar va meni atrofimda bo’lib o’tayotgan ishlarga nazar solib chiqdim. Shu paytgacha hamma narsani men o’zimning nazarim orqali ko’rib kelganman, lekin endi bir ota-onamning nazari bilan ham qarab ko’raychi, hayotim qanday tusga o’zgarar ekan?

Onajon, ushbu yozganimni ham sizga xat qilib jo’natmoq istayman. Ammo bu xatni faqat yolg’iz o’zingiz, hech kim yo’q mahalda, quyosh supa yuzidan sal pasga tushib, yoqimli shabada daraxt shoxlarini asta -asta silkitayotganida, ayvonda bir choynak choy va bir piyola yoningizda, ko’z oynagingizni artib artib turib, yuzlaringizda sog’inch aralsh jilmayish bilan, Allohga shukr qizim omon yuribdi, degan taskin bilan o’qishingizni xohlayman.

2 comments:

  1. Assalom alaykum,
    Yaxshi yozibsiz Dilorom, thanks bo'lsa berardim :) Atrofimizdagi insonlarni tushunish uchun ularni o'rniga o'zimizni qo'yib samimiy o'ylab ko'rsak, menimcha to'g'ri xulosaga kela olamiz.

    ReplyDelete
  2. naqadar ajoyib...

    ReplyDelete