Wednesday, June 3, 2009

Komagane, Nagano-ken



31-May kuni Nagano prefekturasidagi Komagane shahriga bordim.
Komagane da JICA tashkilotining maxsus bo'limi joylashgan bo'lib, u yerda turli davlatlarga JICA tashkiloti orqali o'qishga, ilmiy izlanish va turli sohalar bo'yicha ko'mak dasturi orqali rivojlanayotgan davlatlarga yuboriladigan talabalar tahsil oladi. Tahsilning so'nggi qismida talaba yuboriladigan davlatning tilini yoki mahalliy tilni o'rganishi talab etiladi. Shunday talabalar qatorida O'zbekistonga yuboriladigan va ayni paytda o'zbek tilini o'rganayotgan 37 yoshli Shimizu Shigeru ham bor ekan.
JICA yilda to'rt marotaba talabalarga tilni o'rganish dasturini taklif qiladi va yilda to'rt marta talabalar bu kurslarni bitirib chiqib chet davlatlarga yuboriladi. Talabalar o'zga davlatlarga ketish oldidan ularning til bo'yicha o'rgangan bilimlarnini yana bir marotaba oshirish va o'sha davlat madaniyati, tarixi yoxud mamlakatdagi kundalik hayot haqida suhbatlashish uchun talaba yuborilayotgan davlat tilida suhbatlasha oladigan hamda mahalliy bo'lgan chet elliklar bir kunlik mashg'ulotga chaqiriladi. Men ham shu toifaga kiruvchi chet elliklardan biri edim. Komaganega Shigeru bilan suhbatlashgani bordim. :)

Shigeru nogironlarga yasama a'zo qismlarini yasash bilan shug'ullanar ekan. O'zbekistonga borib, Guliston shahrida ikki yil hayot kechirmoqchi. O'zbek tilini o'rganishni boshlaganiga bir yarim oy bo'lgan bo'lsa ham, juda erkin gaplasha oladigan bo'libdi. Ammo nutqi ozgina sekinroq va q, g' ga o'xshash harflar talaffuzida muammolari bor. Mendan so'rash uchun tayyorlab qo'ygan bir necha savollari bor ekan, ularga javob berish bilan ovora bo'ldim.
Shigeruning o'zbek tili o'qituvchisi O'zbekistonlik Ilhom degan kishi ekan. Shigeruga Tohir Sodiqovning qo'shiqlarini ham o'rgatibdi: Shigeruning o'zbekcha qo'shiq aytishi menga juda ham ajoyib tuyuldi. Talabalar bilan birga Ipak muzeyiga bordik, menga unchalik ham yoqmadi. Lekin ichidagi ramslar va ipak ishlab chiqarish moslamalarini ko'rib, onamni yoshligimizda pilla qurti boqib katta bo'ganmiz degan gaplari esimga tushib ketdi, endi pilla boqish qanaqa bo'lishini tasavvur qila boshladim.
Komagane juda chiroyli shahar ekan. Men butun yo'l davomida uxlab qolibman va ko'zimni ochsam yapon animelarida bo'ladigan sehrli o'rmonni ichiga tushib qolganga o'xshayman. Hayratdan hayajonimni yashira olmayman. Shahar atrofi qalin yashillikka burkangan tog'lar bialn o'ralgan. Tog' shunchalik yaqinki, qo'l uzatsangiz yetadiganday. Tog'ning belidan keladigan joylarda parcha-parcha bulutlar suzib yuribdi. Atrof sholizorlar bilan o'rangan. Shunaqangi ajoyib manzaraki, to'glar siz bilan birga ko'chib yurgangan o'xshaydi. Havosi juda ham toza va yoqimli. Birdan Nagoyada bitta ham yashillik qolmaganday, butun shahar kulrangga bo'yanib olganday tuyulib ketdi, aslida unday bo'lmasa ham. :)

Komaganeda tut ekisharkan. Mahalliy taksichining aytishicha, havo issiqligi Nagoyadan ko'ra ancha past ekan. Shovqin suronsiz, osoyishta shaharcha: odamlar hayotdan mamnun yashayotganday ko'rindi.
Kunim yaxshi o'tdi, JICA ga menga oxshab ko'ngilli bo'lib borgan turli millat vakillari bilan tanishdim, eng muhimi Shigeru yaxshi til mashg'ulotini o'tkazdik. Menimcha u ham o'tgan kunidan mamnun bo'ldi. Ketayotganda menga yapon ierogliflaridan tuzilgan karta sovg'a qildi: bu degani yanada qattiqroq o'qigin, degani. :)

No comments:

Post a Comment