Tuesday, October 13, 2009

Gunohlarga yetaklovchi sifatlar

Ayni paytda Abu Homid G’azzoliyning Rashid Zohid tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan Tavba kitobini o’qiyapman.
Kitob juda ham tushunarli tilda yozilgan va tarjima qilingan. Alloh azza va jalla Qiyomat kuniga qadar u uchun eshiklarini ochib qo’ygan tavba haqida juda batafsil yozilgan kitob meni tavba haqida hech narsa bilmasligimni isbotladi. Ushbu kitobdan ba’zi bir joylarini baham ko’rmoqchiman:
Bilgilki, insonning sifatlari va xulqlari ko’pdir. Gunohlarning kelib chiqishi ushbu to’rtta sifatga borib taqaladi.
a) Rububiylik sifatlari (yaratuvchiga xos sifatlar);
b) Shaytoniylik sifatlari;
c) Hayvoniylik sifatlari;
d) Yovvoyilik sifatlari.
Inson tiynati har xil aralashmalardan qorilgan. Hammasi o’z ta’siriga ega, bamisoli shakar, sirka va za’faron sikanjabin qorishmasida turli ta’sirlarga ega bo’lganidek.

Kibr, faxr, g’urur, maqtovni sevish, behojatlikni yaxshi ko’rish, boqiy qolishni orzu qilish, hammadan ustun bo’lishni istash, hatto “men sizning parvardigoringizman”, degan darajagacha borish kabilar rububiylik sifatlariga ishtiyoqni qo’zg’aydi. Barcha gunohi kabiralar mana shu nuqtadan yoyiladi. Ko’pchilik bu gunohlardan g’ofil qolib, ularni gunoh sanamaydi. Aslida ular shaksiz halokatga olib boruvchi eng katta gunohlar bo’lib, aksar jinoyatlarning onasidir.
Hasad, zulm-sitam, hiyla, aldamchilik, fasod va makrga buyurish, tovlamachilik, munofiqlik, bid’at va zalolatga da’vat qilish kabilar shaytoniy sifatlardan tarqaladi.
Qizg’anchiqlik, ochko’zlik, jinsiy va qorin shahvatini qondirish uchun hirs bilan tashlanish, zino, bachchavozlik, o’g’irlik, yetimlarning moliga xiyonat, dunyo orttirishga mehr kabilar hayvoniy sifatlardan tug’iladi.
Yovvoyilik sifati esa, g’azab, nafrat, odamlarga qo’l ko’tarish, so’kish, o’ldirish, mol-mulkni zoe’ qilish kabi illatlarni paydo qiladi.
Abu Homid G’azzoliy “Tavba kitobi”

No comments:

Post a Comment