G’ozi Anvar Poshsho Usmoniylar xalifaligining butun umrini Islom yo’lidagi kurashga bag’ishlagan so’nggi sarkardalaridan. U janglardan birida ruslar bilan to’qnashuvda shahid bo’ladi. O’limidan bir kun oldin rafiqasi Najiya Sultonaga yozgan maktubi saqlanib qolgan. Quyida siz o’qiydigan bu maktub Turkiya gazetalarida rafiqasi ruxsati bilan nashr qilingan.
Azizam Najiya,
Suyukli rafiqam, shodligim va baxtim bulog’i bo’lgan qadrdonim Najiya. Qodir Olloh sening himoyachingdir. Oxirgi yo’llagan maktubingga ayni paytda tikilib o’tiribman. Ishonginki, sening bu maktubing yuragimga har doim yaqin bo’ladi. Chehrangni ko’ra olmayman, ammo maktubingdagi satrlar va so’zlar orasida qorong’u chodir ichida sochlarimni silaydigan chiroyli barmoqlaringni ko’raman, gohida sening surating ko’z o’ngimda namoyon bo’ladi.
Afsuski, sen unutib yuborganim va sening sevging haqida qayg’urmasligim haqida yozibsan.
Aytibsanki, men sening sevgiga to’la qalbingni vayron etibman. Uzoq o’lkalarda olov va qon bilan o’ynashib yurar ekanman va tunlarni xavotir bilan yulduzlar sanab bedor o’tkazadigan ayolga nisbatan bee’tibor emishman.
Sen yana aytibsanki, men urush va qilichni yaxshi ko’rar ekanman. Samimiy hamda menga nisbatan chuqur sevgi va muhabbat bilan bitilgan bu so’zlaring yuragimni qanchalar qonga to’ldirishini bilsang edi.
Meni sendan nima ajratdi o’zi? Oh, qalbim quvonchi! Sen haqli ravishda shunday savol so’rashing mumkin. Quloq tut! Mening sendan uzoq bo’lishim boisi na moddiy o’ljalarga bo’lgan ishtiyoq va na dushmanlarim ochiqchasiga yaqin kelib qolganliklari tufayli ularni yengib o’zimga qirollik yoki podshohlik o’rnatish istagidir. Meni bu janggohga olib kelgan Olloh amri sendan uzoq bo’lishimning yagona sababidir. Olloh yo’lida jang qilishdan o’zga ulug’roq farz yo’q. Bu Ollohning buyrug’i va uni ado qilish istagi bandani Jannat tomon yetaklaydi.
Ollohga hamdu sanolar bo’lsinki, men nafaqat uni ado etish istagiga egaman, balki janggohda uni shijoat bilan ado ham etmoqdadirman.
Oramizdagi judolik har lahzada qalbimni xanjar kabi bo’laklarga bo’lmoqda. Shunga qaramasdan, men bu ayriliqdan baxtliman. Chunki senga bo’lgan muhabbatim Olloh subhonahu va taoloning yo’lida jang qilishga bo’lgan niyatim va ahdimda eng katta sinov bo’ldi va uni sharaf bilan yengib chiqdim.
Olloh taologa beadad shukrlar bo’lsinkim, men bu imtihonda g’olibman. Ollohning muhabbatini va amrini o’z hayotim, sevgim va nafsim xohishlaridan ustun qo’ya olishda zafar qozondim. Sen ham, azizam, Olloh taologa shukr qilishing va xursand bo’lishing kerakki, sening ering shunday kuchli iymon egasi va u senga bo’lgan muhabbatini Ollohga bo’lgan muhabbati yo’lida qurbon qilishga ham tayyor.
Qilich bilan jihod qilish sening zimmangda majburiy emasligiga qaramasdan, sevgilim, sen bundan xoli emassan. Hech bir musulmon erkak yoxud musulmon ayol jihod qilish majburiyatidan xoli emas.
Iltimos, hech qachon sevimli ering jang maydonidan quchog’ingga sog’ va salomat qaytib kelishini so’rab duo qilma. Bu duo xudbinlikdandir va Olloh bundan rozi bo’lmaydi. Undan ko’ra duolaringda Olloh eringning jihodi qabul qilishini va u muzaffar holda qaytishini, buning aksi bo’lsa, uning lablari shahidlik qonini sipqarishini so’ra. Azizam, sen bilganingdek, bu lablar hech qachon sharob tatimagan va u bilan ifloslanmagan, ammo har doim Qur’oni Karimni qiroat qilish bilan va Olloh subhonahu va taoloning madhi va hamdi bilan band bo’lgan.
Azizam Najiya! Sen mehr bilan chiroyli deb ataydigan bu bosh Alloh yo’lida sen uchun sevimli bo’lgan bu tanadan ajratiladigan on naqadar sharaflidir.
Anvarning eng katta orzusi shahid bo’lib, Qiyomat kunida Hazrat Xolid bin Valid (roziyallohu anhu) bilan birga so’roq qilinishdir. Bu dunyo o’tkinchi, o’limning kelishi naqd, shunday ekan, nima uchun o’limdan qo’rqish kerak? O’lim haq ekan, unda nega erkak kishi to’shagida yotgancha o’lishi kerak? Olloh yo’lidagi o’lim o’lim emas, balkim boqiy dunyo uchun qadamdir.
Najiya, mening vasiyatimga quloq tut! Agar men shahid bo’lsam, sen ukam Nuri Poshshoga turmushga chiqishing kerak. Sendan keyin menga eng qadrli inson bu Nuridir. Bu mening o’limimdan keyingi vasiyatim bo’lib, u shubhasiz sening hayoting davomida sen haqingda g’amxo’rlik qiladi. Mening keyingi vasiyatim shuki, sen dunyoga keltirgan har bir bolaga men haqimda so’zlab ber va ularni ham Islom uchun Jihod janggohiga jo’nat. Mening uchinchi vasiyatim shuki, sen har doim Mustafo Kamol Poshshoga sodiq bo’lishing kerak ( Bu Mustafo Kamol Otaturk Turkiya Respublikasi Prezidenti bo’lib, Islomga qarshi siyosat yuritishidan ancha oldingi tarixiy vaziyat haqida) hamda imkon qadar har lahzada unga yordam berishing kerak. Chunki Olloh uni (Mustafoni) mamlakatga najot qilib tanladi.
Alvido, azizam! Nima sababdan, bilmadimu, ammo mening ichki hissiyotlarim ushbu maktubdan so’ng men senga hech qachon boshqa maktub yoza olmasligimni aytayapti. Ertaga shahid qilinsam, ajabmas.
Iltimos, sabrli bo’l. Mening o’limimdan xursand bo’l va nolima. Chunki mening Olloh yo’lida o’lishim sen uchun sharafdir.
Najiya! Men sendan rozilik so’rayman va xayolan seni quchaman.
No comments:
Post a Comment