Pages

Showing posts with label Kundalik. Show all posts
Showing posts with label Kundalik. Show all posts

Friday, December 10, 2010

To'rtlik

Ko’rmagan odamimni shunchalar sog’indim men
Ayting, bizni bog’lagan sevgi-mehr nega teng?
Intiqman mo’jizaga, hamd aytib Mo’jazkorga
Salomatlikda diydor uchun do’stlar omiyn deng.

Monday, November 1, 2010

Yangi loyihalar...

Bugun yangi tarjima ish boshladim. Ishqilib, odamlar uchun foydali qilsin, tezroqgina bitirib olay. O'zi 15 betlik ish, kuniga bir betdan tarjima qilsam ikki haftada tugaydi. Kuniga bir bet tarjima qilish qiyin emas, ikki betdan qilsam, bir haftada. Ammo ba'zida qunt va jiddu-jahd bilan tarjima qilishga o'tirish uchun imkon topishning o'zi qiyin kechadi.  Ishqilib, tarjima ishimdagi narsalar bor bisoti bilan tushlarimga ko'chib olmasa bo'lgani. Boshqa narsadan qo'rqmaymanu, ammo o'qigan, ko'rgan, eshitgan narsalarimning tushlarimga kirib, o'rnashib olishi meni bezovta qiladi.
Oxirgi paytlarda bir ishni oxiriga yetkazish qiyin bo'lib ketayapti. O'tgan dam olish kunlariga mo'ljallagan ishimiz ham o'zimizning yalqovligimiz tufayli qolib ketdi. Ikkita-uchta o'qishni boshlab qo'ygan kitoblarim meni qachon qo'lga olarkin, deb kutib yotibdi. Bu yoqda LSAT kitoblarini olib keltirib qo'yganman, hali 24 betgina o'qibman.  
Xudo xohlasa, tarjimani yaxshi yakunlab olib, yangi ishlar boshlaganimda yozarman. 

Friday, April 23, 2010

Salomlashish qoidalaridan


Ma’lumki, Payg’ambarimiz s.a.v. Me’roj kechasi Alloh taolo bilan uchrashadi. Uchrashuvdagi aynan so’zlar namozning ayrim qismlariga aylangan. Namozda qa’daga o’tirgach “Attahiyat” da nima uchun birinchi Alloh taolo Rasuliga salom beradi va Rasululloh s.a.v. ikkinchi bo’lib salom beradi, deb doim o’ylab yurardim. Shuncha paytdan beri qunt qilib shu narsani so’rab surishtirmagan edim. Kecha eski Irfon taqvimlaridan birida juma mav’izasidan salomlashish haqida o’qib qoldim. Unda salom berish qoidalari bir qator yozilgan bo’lib, men tushunmay yurgan masalaga quyidagicha javob berilgan ekan: “Boyligi, mulki ko’p bo’lgan odam avval salom beradi. Me’roj kechasi Payg’ambarimiz alayhi salom Alloh bilan ro’baro’ bo’lganlarida avval Alloh salom bergan”.

Monday, April 12, 2010

"Biz baxtli oila quramiz" dan

Bugun darsdan keyin kutubxonada qolib davlat imtihonlariga tayyorlanmoqchi edim. O'zim bilan uydan Shoira Nuritdinova to'plab nashrga tayyorlagan "Biz baxtli oila quramiz" degan kichkina kitobcha ham olib chiqqan edim, bu kitob zo'rlik qildi. Xullas, imtihonga tayyorlanish ertaga qoldi, xudo xohlasa.

Kitob menga juda ham yoqdi, ayniqsa yosh qizlar (yigitlar) uchun yaxshi turmush o'rtoq, yaxshi kelin (kuyov) bo'lish va umuman Rasululloh s.a.v.ning sunnatlariga ergashuvchi yaxshi banda bo'lish haqidagi gaplari, nasihat va maslahatlari boshqa kitoblardagidan ko'ra ko'proq, soddaroq va yaxshiroq yetkazib berilgandek tuyuldi.

Kitobga qalam bilan belgilab qo'ygan menga yoqgan joylarini shu yerga post qilmoqchiman.

Tuesday, March 23, 2010

Tamal toshi

Shunday qilib, ancha paytdan beri qilib yurgan ahdu paymonimizni oraga ovoza qilib, 20-mart kuni Fotiha to'yimiz, ya'ni unashtirish to'yimiz bo'lib o'tdi. Qallig'im bu marosimni qurilajak turmushimizning tamal toshi deb atadi. Allohdan qurilajak turmushimizni har ikkimiz uchun, har ikki dunyoimiz uchun xayrli qilishini so'rayman. Meni qatorimdagi qizlarga ham, qallig'im qatoridagi yigitlarga ham shu yo'lni berishini tilayman.

Monday, March 1, 2010

shunchaki o'ylar...

Bugun "O'zbekiston xalqlari siyosiy-huquqiy ta'limotlari tarixi" fanidan leksiyada o'tirgandik. Mavzu Alisher Navoi, Mirzo Ulug'bek va Boburning siyosiy-huquqiy qarashlari haqida ekan. Domla maxsus adabiyotlar ro'yxatini yozdirayotgan edi, 3-Saddi Iskandariy, dedi. Odatda, adabiyot yozilayotganda birinchi muallif ismi, keyin adabiyot yoziladi. Domla nimagadur bu asar muallifini aytmay ketdi. Shunda kursdosh bir qizimiz, muallifini kim, deb qoldi. Butun potok 2-3 minutlar shovqin suron ichida qoldi. Kulgani kim, adashibdida degani kim. Domla ham hayratlanganicha, aniq javobni aytmasdan, u-bu gapni gapirsa, javob berayotgan qiz dovdiragancha shu yoshga kirib, shunday oliy dargohda o'qib turib, Saddi Iskandariyning muallifi kim ekanligini bilmasligini, mayli u ham bir chekkada qolaversin, tartib raqam bilan ketayotgan adabiyotlar ro'yxatidan mavzu nomi bilan ham mantiqan o'ylay olmayotganini hammaga oshkor qildi. Yonimda o'tirgan yana bir qiz "tochna adashib kirib qogan" dedi. Ha, adashish ham shunchalik bo'ladimi. Bir kulgim keldi, bir xijolat chekdim, bir essiz degim keldi. Qaysi biri o'rinli? Hech bo'lmasa, metroni A. Navoi stansiyasida ham Saddi Iskandariy deb yozib qo'yilgan. Bu qiz metrodan yurarmidi o'zi? Adashib kirib qolganlar... unaqasi bizda ko'p. Qanchadan qancha yoshlar esa adashib kira olmay qolishadi, shunisi achinarlida. Juda ko'pchilik adashib kirib qoladi bizning institutga.

Monday, February 15, 2010

Haqiqiy qish....

Toshkentda qalin qor yog'di. Ketma-ket kunlar muz ustiga qor yog'di. Havo juda sovib ketdi. Shunday sovuq kunlarda Farg'onadan mehmon kutdik. Ular Nurotaga ketishdi. Shanba kuni ertalab tursam, havo juda sovuq ekan. Bilaman, hamma joy muzlab qolsa ham O'zbekistonda maktablar yopilmaydi, kel o'zimni bir xursand qilay, deb men institutga bormadim. 13-fevral bo'lgani uchun kennayim yillik hisobotlari bilan juda band edi. Aytishlaricha, 15-fevral yillik hisobot topshirishning oxirgi kuni ekan. Hali statistikaga borish kerak, hali soliqqa, hali buxgalterga, ishqilib ish ko'p paytida ustiga ustak pechat aptekadan qolib ketibdi. Men borib olib keladigan bo'ldim. Ko'chaga chiqsam bekat orqasida bitta kulib turgan narsaga duch keldim. Beixtiyor meni ham yuzimda tabassum yugurdi. Qarang, qanday ajoyib:
Hohohoy! Osilib turgan qoshchalarini buni, sharfchalari ham bor. :)Shartta rasmga tushirib oldim.
Qaytib kelib, shu yerdan o'tayotsam ikkita katta yoshli rus ayol qorboboni yonida rasmga tushishayotgan ekan. Men ham ulardan meni qorbobo bilan birga rasmga olib qo'yishlarini iltimos qildim. Bugun ertalab havo oldingi kunlardan ham sovuqroq edi. Muzda toya-toya institutga bir amallab yetib oldim. Ha, bugun avtobusda ketdim ertalab. Shunaqa tiqiliiiiinch. Yo Alloh, o'zingga shukr, haliyam bizni uyimiz oxirgi bekatda joylashgan. Yoki men institutga umuman borishni yig'ishtirib qo'yarmidim.
Ha, yana bitta rasm: qanchalik muzlaganini ko'rsatish uchun. Bu sumalaklar 4 kundan beri shu ahvolda turgandi. Bugun erib boshlabdi.

Friday, February 12, 2010

Chaqmoq sarlavhalar

Hozir ziyouz kutubxonasida kitoblarni bir-bir ko'zdan kechirayotgan edim. O'zi kitob o'qishga hech vaqtim yo'q. O'qiyman desam o'qishim shart bo'lgan kitoblar qator-qator bo'lib, jovonda navbat kutib turibdi. Ammo ziyouz kutubxonasini ham bir qarab chiqgim keldi. Shunda birdan mana bu kitob e'tiborimni tortdi:
Sarlavhani jarangdorligini qarang! Endi bu kitobni o'qishni juda juda xohlay boshlayapman. Albatta, bu sarlavha menga notanish emas, bir-ikki eshitganman. Ammo endi uni o'qimasam bo'lmaydigandan tuyulayapti.
Shunda fikr tug'ilayapti: ha, haqiqatdan ham sarlavhada gap ko'p. Esimda, Nafis San'at litseyida o'qib yurgan kezlarimiz bizni ijod qilib biror narsa yozishga majburlashardi, yozib mashq qilardik. Eng qiyin dam esa, unga sarlavha tanlash edi. Ustozimiz "sarlavha asarning yarim ma'nosini aytib berishi kerak", deya bot-bot takrorlashdan hormasdi. Ammo bu juda qiyin ish edi. Ijod degani bu o'ylab qilinadigan narsamas, u kelib qoladi va tashlab ketiladi, derdim men. Men hech qachon sarlavhalarimni ooooo'ylab qo'ymaganman; boshimga chaqmoqday uriladi va bo'ldi, u sarlavhamga aylanadi.

Thursday, July 16, 2009

Kundalik bilan xayrlashuv :D

Meni kundaligim to'lib qolibdi. O'zi bu daftarni boshlaganimga uncha uzoq muddat bo'lmagandi, bilmadim, tez yozib yubordimmi yoki daftarni varaqlari kammikan. Bu daftarimni boshqalaridan farqi, men uni yaxshi ko'rib qoluvdim, balkim ko'rinishi bejirimligi uchun, balkim esa ichida yozilgan narsalari uchun. Bu daftarni bir umr yozishni xohlagandim. Shu paytgacha tutgan barcha daftarlarim to'lishi bilan yoki yirtib yuborganman yoki yirtmasdan ham axlatga tashlab yuborganman. Ba'zilarida sal ikkilangan hollarim bo'lgan, lekin juda ham oz darajada. Eng qizig'i, qaytib hech qachon o'sha kundaliklarimni tashlab yuborganim uchun afsuslanmaganman, aksincha qutilganim yaxshi bo'ldi, yoki ehh eslashga ham arzimaydigan matoh deb hisoblab kelganman. Hozir oxirlab borayotgan daftarimdan ayrilgim kelmayapti. Afsuski, oxirgi sahifani yopishga majburman. Bu daftarni tashlab yubormasligim aniq, qiziq uni endi qayerga bekitsam ekan, chunki odam yaxshi ko'rgan narsasini hammadan qizg'anadi.
Xullas, yangi daftar olish kerak. U daftarni boshlab yozish uchun hafsala kerak. Birato'lasiga O'zbekistonda boshlasammikan? Qiziq, O'zbekistonda ham aynan shunga o'xshash daftar topilarmikan, yoooq topilmasa kerak. O'xshashi bo'lmasa ham, menga hozirgisiga o'xshab yoqib qoladigani?

Thursday, July 9, 2009

1. Eng go'zal, eng toza, eng shirin va eng yaxshi payt tongdir.

2. Hozir shundoq turib ana u bir to'da kun chiqar tomonga shoshib ketayotgan oppoq bulutlarga borib, ustida nimalar borligini ko'rib kelsamda. Qachon odamda shunday imkoniyat paydo bo'larkan. Ana u tog'lar ortida nimalar borligini ko'rmoq istasak, borib ko'rib kelish imkoni mavjud, lekin hozirgi xohishim uchun yoki ozgina vaqt o'tishi kerak, yoxud texnologiya tezroq rivojlanishi kerak.

3. Islomiy tasavvurdan boshqa tasavvurlar falsafalarining katta xatosi Xoliq (yaratuvchi) bilan Maxluq (yaratilmish) o'rtasidagi farqlarni tushunmasliklaridadir. (c) Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Monday, June 29, 2009

Odam Nega Tush Ko'radi?

Odam nega tush ko'radi?

Buncha ko'p tush ko'raman? Kipriklarim bir biriga yetishdi deguncha, ketma-ket davomli, alamli, qo'rqinchli ba'zida shirin tushlar boshlanadi. Bir uyquga ketganda necha marotabagacha tush ko'rish mumkin?(har doim shuni mutaxassislardan so'rayman deb yuraman) O'rtacha hisobda 5-6 ta desam ko'pchilik ishonmaydi. Aytishlaricha, shuncha tush ko'rsa ham, odam eslab qola olmas ekan. Negadur meni esimda qoladi, qolganda ham shunchaki tasvir bo'libmas, o'sha his-tuyg'ulari bilan qoladi. Shunaqa aniq taassurotlar bilan qoladiki, ba'zida hayotda bo'ldi shu narsa degan hayolga borib qolishimga ham sabab bo'ladi.

Ko'rgan tushlarimni ustidan ba'zida kulib, ba'zida qo'rqib ketib, ba'zida shubhalanib qolib, o'zimga ozim aytaman:balkim har kuni ko'rgan tushlarimni qog'ozga yozib qo'yganimda Ray Bridburyning hikoyalariga o'xshagan kitob qilsa bo'larmidi?

Wednesday, June 3, 2009

Komagane, Nagano-ken



31-May kuni Nagano prefekturasidagi Komagane shahriga bordim.
Komagane da JICA tashkilotining maxsus bo'limi joylashgan bo'lib, u yerda turli davlatlarga JICA tashkiloti orqali o'qishga, ilmiy izlanish va turli sohalar bo'yicha ko'mak dasturi orqali rivojlanayotgan davlatlarga yuboriladigan talabalar tahsil oladi. Tahsilning so'nggi qismida talaba yuboriladigan davlatning tilini yoki mahalliy tilni o'rganishi talab etiladi. Shunday talabalar qatorida O'zbekistonga yuboriladigan va ayni paytda o'zbek tilini o'rganayotgan 37 yoshli Shimizu Shigeru ham bor ekan.
JICA yilda to'rt marotaba talabalarga tilni o'rganish dasturini taklif qiladi va yilda to'rt marta talabalar bu kurslarni bitirib chiqib chet davlatlarga yuboriladi. Talabalar o'zga davlatlarga ketish oldidan ularning til bo'yicha o'rgangan bilimlarnini yana bir marotaba oshirish va o'sha davlat madaniyati, tarixi yoxud mamlakatdagi kundalik hayot haqida suhbatlashish uchun talaba yuborilayotgan davlat tilida suhbatlasha oladigan hamda mahalliy bo'lgan chet elliklar bir kunlik mashg'ulotga chaqiriladi. Men ham shu toifaga kiruvchi chet elliklardan biri edim. Komaganega Shigeru bilan suhbatlashgani bordim. :)

Thursday, May 7, 2009

Kutubxonamiz...

Bolaligimda eng yaxshi ko’radigan mashg’ulotim “darsxona”gi kitoblar to’la jovon ustiga chiqib olgancha duch kelgan kitobni o’qib chiqish edi. Kitoblar ko’pligidan qaysi birini birinchi o’qish uchun tanlashni bilmay, ko’zimni yumgan holda duch kelganini tanlardim va balanroq bo’lgan shkafdanning paski qismidan sakrab tushishga ham ulgurmay jovon yonida o’tirgan go’yi o’qishga kirishib ketganimni bilmay qolardim. Hayolimda yillar o’tsa ham bu kitoblarni o’qib bitkiza olmaydigandek tuyulardi. Hech bo’lmasa maktabni tamomlaganimgacha ulgurarmikanman, deb hayratlanardim. Menimcha, dadamning biz farzandlari uchun qilgan eng katta hadyasi shu kutubxonamiz bo’lsa kerak. Men shu kitoblar orqali chekka bir shaharchada yashashimga qaramay butun dunyoni ko’ra olardim. Bizning uyimizdagi kutubxonaning ta’rifi tuman maktablaridagi mashhur o’qituvchilarning ham e’tiboriga tushgan edi. Esimda, 6-sinfligimda “Milliy istiqlol g’oyasi” fanidan ancha yillardan beri adabiyot fanidan dars berib kelayotnga tumanning faxriy o’qituvchilaridan O’roqov ma’lim dars davomida o’quvchilar bilan tanishar ekan, siz Abdullaevamisiz, ehhe bilasizlarmi bolalar, Abdullaevalarning uyida shunaqa bir kutubxonasi borki…..deb ta’riflashga tushib qoluvdilar. Shunda boshqa o’quvchilarning oldida faxrlanib ketgan edim.
Jovonning eng yuqori qatorlarida turadigan 12, 18, 20 tomlik barchasi bir xil kitoblarni o’qib bitkazish haligacham nasib qilgani yo’q. Chunki bu kitoblar rus tilida edi, rus tilidagi yozilgan kitoblarga unchalik ham tishim o’tavermas edi.

Friday, April 24, 2009

Ota-ona nazari bilan

Yaponiyaga bundan oldin kelganimda yapon oilalari bilan 3-4 kun o’tkazish uchun Madaniy Almashinuv dasturini o’tagan edim. Baxtimga juda ham yaxshi oila bilan tanishdim: yoshlari 62 va 60 lar atrofidagi er-xotin va ular bilan birga yashovchi buvilari va 35 yoshlardagi qizlari. Men ular bilan vaqtimni chog’ o’tkazardim: oila boshlig’i Takao (men ularni ota-yani Otousan deb chaqiraman)ning nihoyatda keng dunyoqarashi va komputerlar va texnika olamiga bo’lgan qiziqishi yoqib, soatlab suhbatlashardik. Eng muhimi, ikkalamiz ham uchchiga chiqgan video va rasm borasida qiziquvchan chiqib qoldik. Otousan Takao men bilan ingliz tilida so’zlashishga harakat qiladi, men esa uning shu yoshigacha to’xtamay ingliz tilini o’rganib kelishiga qoyil qolaman. Oiladagi ayol-onasi Junko esa juda ham o’zbek ayollariga o’xshash. Uni faqat farzandlari va oilasi, ya’ni qaynonasi, xo’jayini va bolalari haqida qayg’urishlari, har bir ishni 82 kirib, qartayib qolgan qaynonasining ruxsati bilan qilishi, erining aytgan gapidan chekkaga chiqib keta olmasligi, oddiy narsalar ustida ham boshqaning ko’nglini og’ritib qo’ymaymanmi deb o’ylanib, iymanib, oldidan o’tolmay o’tirishlari bevosita o’zimni mushtipar onamni eslatib yuboradi. Shunda, ha mana bu haqiqiy sharq ayoli, degim keladi. Yana Okaasan(ona degani) Junko o;zari tan olib qoyadilar: men shuncha yildan beri faqat oila ishlari bilan bo’lib, oddiy narsalar uchun ham o’zim qaror qila olmaydigan bo’lib qolganman, buni ham o’rganish kerak ekan ba’zida deb. Miyig’imda jilmayib, shu xislatingiz bilan ham siz yoqimlisiz degim keladi.