Pages

Tuesday, June 23, 2009

Islomda Adolat

Adolat Qur’onda Islomning asosiy maqsadi va axloqiy fazilat sifatida tushuntiriladi.

Adolatning mazmuni:
Islomiy dunyoqarashda adolat bir narsani eng to’g’ri o’ringa joylamoq bilan ifodalanadi. Bu o’z navbatida o’zgalarga nisbatan ham teng munosabatda bo’lishni anglatadi. Islomda adolat ham axloqiy fazilat bo’lib, xuddi G’arb an’anasidagidek, inson shaxsiyatini tashkil qiluvchi xossasidir. Adolat huquqlar va burchlarning teng taqsimlanishida tarozi vazifasini o’tash bilan tenglik tushunchasiga juda yaqin turadi, ammo bu ikkisini bir xil deb bo’lmaydi. Boylikning noteng taqsimlanishi kabi ba’zida adolat notenglik orqali erishiladi. Islom Payg’ambari Muhammad (s.a.v.) shunday deydilar:
“Hech qanday soya bo’lmaydigan va yolg’izgina Allahning soyasi bo’ladigan Kunda U yetti turdagi insonlarga soya beradi. Birinchisi, adolatli yo’lboshchidir.” (Sahihi Muslim)

Alloh o’z Rasuliga xitob qilib shunday deydi:
“Ey bandalarim, men nohaqlikni O’zimga va xuddi shuningdek sizlarga ham man qildim. Shunday ekan, bir-biringizga nohaq bo’lishdan qochinglar.” (Sahihi Muslim)
Adolat har narsaning o’ziga tegishli joyda bo’lishini anglatar ekan, adolat axloqiy haqlikni va odillikni ifoda etadi.
Adolatning muhimligi:
Islom dinining muqaddas kitobi Qur’on adolatni eng ulug’ fazilat deb hisoblaydi. Adolat Islomning asosiy muddaosi bo’lib, daraja jihatidan eng birinchi o’ringa qo’yilgan Allohga ibodat (Tavhid) va Muhammad (s.a.v.) payg’ambarligining haqligi bilan yonma-yon turadi.


Alloh subhonahu va taolo Qur’onda shunday deydi:
“Alloh adolatga va odil ishlarga buyuradi…” (Nahl surasi, 90-oyat)
Yana bir oyat matnida:
“Ey, iymon keltirganlar! Alloh uchun (to'g'rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo'lingizlar…” (Moida surasi, 8-oyat)
Yuqoridagilardan xulosa shuki, adolat Islomning majburiyati va nohaqlik esa Islomda taqiqlangandir. Qur’onda adolatning naqadar muhimligi quyidagi oyatda o’z aksini topgan:
“Biz O'z payg'ambarlarimizni hujjat (mo'jiza)lar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon (tarozi) tushirdik...” (Hadid surasi, 25-oyat)
Payg’ambarlar iborasi bilan aytganda, adolat insoniyatga yuborilgan har bir vahiy va kitoblarning maqsadi bo’lgan. Mazkur oyat yana shuni ko’rsatadiki, adolat vahiy orqali yuborilgan mezonlar va yo’l-yo’riqlar orqali o’lchanishi va amalga oshirilishi kerak. Islomning adolatga bo’lgan yondashuvi keng va to’la qamrovlidir. Adolatga eltuvchi har bir yo’l Islom qonunlari bilan muvofiq hisoblanadi. Alloh adolatga erishish uchun maxsus yo’nalishni ko’rsatib bermagan bo’lsa-da, adolatni talab qildi va umumiy yo’riqlar bilan ta’minladi. Alloh adolatga erishish uchun na bir belgilangan vositani tasvirlab berdi va na adolatga yetaklaydigan maxsus usulni ko’rsatib berdi. Bu esa adolatga sabab bo’ladigan hamda Islom qonunlarini buzmaydigan har qanday jarayon va usullar ma’qullanganligining dalolatidir.
Adolatdagi Tenglik:
Qur’ondagi adolat me’yorlari irq, din, rang va mazhabdan qat’i nazar, musulmonlarni do’stlariga ham, xuddi shuningdek, dushmanlariga ham har qanday holatda adolatli bo’lishni buyuradi va shunday deydi:
“Ey iymon keltirganlar! Adolatda barqaror turib, o'zlaring yoki ota-onalaring va qarindoshlaring zarariga bo'lsa-da, Alloh uchun (to'g'ri) guvohlik beringizlar! U (guvohlik beriluvchi) boy bo'ladimi, kambag'al bo'ladimi…” (Niso surasi, 135-oyat).
Boshqa bir oyatga binoan:
“Ey iymon keltirganlar! Alloh uchun (to'g'rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo'lingizlar: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo'lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir” (Moida surasi, 8-oyat).
Musulmon bo’lmaganlar bilan munosabat borasida Qur’on shunday deydi:
“Dinlaringiz to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z diyorlaringizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo'lishlaringizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatlilarni sevar.” (Muhtahana surasi, 8-oyat)
Qur’on olimlarining xulosasiga ko’ra, barcha millatlar hamda barcha e’tiqod egalari ham inson bo’lganliklari uchun yoki Allohning bandasi bo’lganliklari uchun mazkur qoidalar ularga ham tegishli deb hisoblaydilar. Qur’on nuqtai nazaridan, adolat bu majburiyatdir. Shuning uchun ham Rasuli akram (s.a.v.)ga shunday deyilgan:
“…Agar hukm qilsangiz, o'rtalarida adolat bilan hukm qiling!...” (Moida surasi, 42-oyat).
“Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur'on)ni odamlar orasida Alloh ko'rsatgan yo'l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Xoinlarga esa homiy bo'lmang!” (Niso surasi, 105-oyat).
Payg’ambar Muhammad (s.a.v.) odamlar o’rtasida adolat o’rnatuvchi sifatida yuborildi va Ularga Alloh shunday xitob qildi:
“… ayting: "Men Alloh nozil qilgan Kitobga iymon keltirdim va sizlarning o'rtangizda adolatli bo'lishga buyurildim…” (Sho’ro surasi, 15-oyat).
Qur’on o’zini asosan e’tiqod va adolat tamoyillariga suyanishga bag’ishlagan muqaddas Kalom sifatida namoyon qiladi.
“Rabbingiz so'zi rostlik va adolatda kamoliga yetdi. Uning so'zlarini o'zgartiruvchi (kuch) yo'q. U eshituvchi va biluvchidir” (An’om surasi, 115-oyat).
Adolat qilish Alloh bandalariga aytgan omonat bo’lib, o’zga barcha omonatlar kabi buning ham to’liq amalga oshishi uchun o’rnatilgan qator qoidalarga rioya qilish lozim.
“Darhaqiqat, Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingiz va odamlar o'rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyuradi...” (Niso surasi, 58-oyat).
Adolat qilishga yetaklaydigan ko’rsatma, ya’ni zudlik bilan o’zidan keyin omonatni bajo keltirishga yetaklaydigan ko’rsatma omonatlar ichidagi eng muhimi ekanligini ifodalangan.
Adolat va Shaxs
Qur’on ta’limotida adolat shaxsiy fazilat sifatida va har bir iymonli insonni Allohga taqvo qilishga ruhlantiradigan axloqning eng go’zal na’munalaridan biri sifatida namoyon bo’ladi. Alloh subhonahu va taolo deydi:
“… Odil bo'lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir…” (Moida surasi, 8-oyat).
Rasuli Akram o’zlari ham shunday ko’rsatma berganlar:
“Allohga taqvo qilinglar va zurriyotlaringizga adolat qilinglar”.
Qur’on orqali Alloh iymon keltirganlarga qarata shunday deydi:
“…Gapirganingizda (guvoh sifatida) garchi qarindoshingiz bo'lsa ham, adolatli bo'ling!..” (An’om surasi 152-oyat).
Qur’onda olg’a surilgan Adolatga maxsus misollar:
Qur’on aynan bir holat yuzasidan va ayni bir matn yuzasidan ham adolat haqida so’zlaydi. Mana shunday holatlardan biri yetimlarga munosabatda bo’lishning shartidir. Alloh subhonahu va taolo deydi:
“To voyaga yetgunicha yetimning moliga yaqinlashmangiz, magar chiroyli yo'l bilan (bo'lsa durust). O'lchov va tarozini adolat bilan to'la ado etingiz!..” (An’om surasi, 152-oyat).
Yuqorida tilga olingan o’lchov va tarozida adolat qilishga sotish va sotib olish hamda umumiy tarzda savdo aloqalariga oid bo’lgan oyatlarda alohida urg’u berilgan. Qur’onning Mutaffifun nomli surasi butunlay tarozidan urib qoluvchi va jinoyatchilar haqida bo’lib, Qiyomat kunida ularga qanday azoblar va’da qilingani bayon etilgan.
Adolat haqidagi ko’rsatmalar Qur’ondagi ko’p xotinli erlar haqidagi matnda ham keltirilgan. Qur’on er kishini har bir ayoliga adolatda bo’lishini talab qiladi. Sura yetim qizlarga nisbatan adolatsizlik qilmaslik haqidagi oyatlar bilan boshlanadi. Ular balog’at yoshiga yetganlarida, ikkinchi xotin sifatida bo’lsa ham turmushga chiqishi kerak. Ayniqsa, ayol va erkaklar soni o’rtasida nomuvofiqlik bo’lgan paytlarda bunga yo’l qo’yiladi. Bu sura Uhud urushi davrida nozil bo’lgan bo’lib, bu payt xuddi shunday holat hukm surmoqda edi. Ammo, Qur’on shunday deydi:
“…Bordiyu (ular o'rtasida) odil bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, bir ayolga (uylaning)…” (Niso surasi, 3-oyat).
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, “adolat qilish” mumtoz Islom olimi Saraxsiyning so’zlari bilan aytganda, “Allohga ishonish bilan yonma-yon keladigan eng oliy ishlar bilan bir qatorda baholanadi”.

No comments:

Post a Comment