Pages

Showing posts with label Har xil. Show all posts
Showing posts with label Har xil. Show all posts

Monday, April 12, 2010

"Biz baxtli oila quramiz" dan

Bugun darsdan keyin kutubxonada qolib davlat imtihonlariga tayyorlanmoqchi edim. O'zim bilan uydan Shoira Nuritdinova to'plab nashrga tayyorlagan "Biz baxtli oila quramiz" degan kichkina kitobcha ham olib chiqqan edim, bu kitob zo'rlik qildi. Xullas, imtihonga tayyorlanish ertaga qoldi, xudo xohlasa.

Kitob menga juda ham yoqdi, ayniqsa yosh qizlar (yigitlar) uchun yaxshi turmush o'rtoq, yaxshi kelin (kuyov) bo'lish va umuman Rasululloh s.a.v.ning sunnatlariga ergashuvchi yaxshi banda bo'lish haqidagi gaplari, nasihat va maslahatlari boshqa kitoblardagidan ko'ra ko'proq, soddaroq va yaxshiroq yetkazib berilgandek tuyuldi.

Kitobga qalam bilan belgilab qo'ygan menga yoqgan joylarini shu yerga post qilmoqchiman.

Tuesday, March 23, 2010

Tamal toshi

Shunday qilib, ancha paytdan beri qilib yurgan ahdu paymonimizni oraga ovoza qilib, 20-mart kuni Fotiha to'yimiz, ya'ni unashtirish to'yimiz bo'lib o'tdi. Qallig'im bu marosimni qurilajak turmushimizning tamal toshi deb atadi. Allohdan qurilajak turmushimizni har ikkimiz uchun, har ikki dunyoimiz uchun xayrli qilishini so'rayman. Meni qatorimdagi qizlarga ham, qallig'im qatoridagi yigitlarga ham shu yo'lni berishini tilayman.

Monday, March 1, 2010

shunchaki o'ylar...

Bugun "O'zbekiston xalqlari siyosiy-huquqiy ta'limotlari tarixi" fanidan leksiyada o'tirgandik. Mavzu Alisher Navoi, Mirzo Ulug'bek va Boburning siyosiy-huquqiy qarashlari haqida ekan. Domla maxsus adabiyotlar ro'yxatini yozdirayotgan edi, 3-Saddi Iskandariy, dedi. Odatda, adabiyot yozilayotganda birinchi muallif ismi, keyin adabiyot yoziladi. Domla nimagadur bu asar muallifini aytmay ketdi. Shunda kursdosh bir qizimiz, muallifini kim, deb qoldi. Butun potok 2-3 minutlar shovqin suron ichida qoldi. Kulgani kim, adashibdida degani kim. Domla ham hayratlanganicha, aniq javobni aytmasdan, u-bu gapni gapirsa, javob berayotgan qiz dovdiragancha shu yoshga kirib, shunday oliy dargohda o'qib turib, Saddi Iskandariyning muallifi kim ekanligini bilmasligini, mayli u ham bir chekkada qolaversin, tartib raqam bilan ketayotgan adabiyotlar ro'yxatidan mavzu nomi bilan ham mantiqan o'ylay olmayotganini hammaga oshkor qildi. Yonimda o'tirgan yana bir qiz "tochna adashib kirib qogan" dedi. Ha, adashish ham shunchalik bo'ladimi. Bir kulgim keldi, bir xijolat chekdim, bir essiz degim keldi. Qaysi biri o'rinli? Hech bo'lmasa, metroni A. Navoi stansiyasida ham Saddi Iskandariy deb yozib qo'yilgan. Bu qiz metrodan yurarmidi o'zi? Adashib kirib qolganlar... unaqasi bizda ko'p. Qanchadan qancha yoshlar esa adashib kira olmay qolishadi, shunisi achinarlida. Juda ko'pchilik adashib kirib qoladi bizning institutga.

Monday, February 15, 2010

Haqiqiy qish....

Toshkentda qalin qor yog'di. Ketma-ket kunlar muz ustiga qor yog'di. Havo juda sovib ketdi. Shunday sovuq kunlarda Farg'onadan mehmon kutdik. Ular Nurotaga ketishdi. Shanba kuni ertalab tursam, havo juda sovuq ekan. Bilaman, hamma joy muzlab qolsa ham O'zbekistonda maktablar yopilmaydi, kel o'zimni bir xursand qilay, deb men institutga bormadim. 13-fevral bo'lgani uchun kennayim yillik hisobotlari bilan juda band edi. Aytishlaricha, 15-fevral yillik hisobot topshirishning oxirgi kuni ekan. Hali statistikaga borish kerak, hali soliqqa, hali buxgalterga, ishqilib ish ko'p paytida ustiga ustak pechat aptekadan qolib ketibdi. Men borib olib keladigan bo'ldim. Ko'chaga chiqsam bekat orqasida bitta kulib turgan narsaga duch keldim. Beixtiyor meni ham yuzimda tabassum yugurdi. Qarang, qanday ajoyib:
Hohohoy! Osilib turgan qoshchalarini buni, sharfchalari ham bor. :)Shartta rasmga tushirib oldim.
Qaytib kelib, shu yerdan o'tayotsam ikkita katta yoshli rus ayol qorboboni yonida rasmga tushishayotgan ekan. Men ham ulardan meni qorbobo bilan birga rasmga olib qo'yishlarini iltimos qildim. Bugun ertalab havo oldingi kunlardan ham sovuqroq edi. Muzda toya-toya institutga bir amallab yetib oldim. Ha, bugun avtobusda ketdim ertalab. Shunaqa tiqiliiiiinch. Yo Alloh, o'zingga shukr, haliyam bizni uyimiz oxirgi bekatda joylashgan. Yoki men institutga umuman borishni yig'ishtirib qo'yarmidim.
Ha, yana bitta rasm: qanchalik muzlaganini ko'rsatish uchun. Bu sumalaklar 4 kundan beri shu ahvolda turgandi. Bugun erib boshlabdi.

Thursday, February 4, 2010

Eng so'nggi semestr boshi...

Mana, bir amallab oliygohdagi o'qishimning eng oxirgi semestriga ham yetib keldim, Yaratganga shukr. 
Bu semestr bizga 9 ta yangi fan o'tilayapti. Hammasi qiziqarli, deyarli barini boshi "sud" so'zi bilan boshlanadi: sud buxgalteriyasi, sud meditsinasi, sud psixiatriyasi, sud statistikasi va boshqalar.
Sessiyadan horib chiqib, yana yozishga tushib ketdik. Yoza-yoz, nazarimda 4 yil, balki besh yildir, yozish bilan o'tib ketdi umrimiz. Ha mayli, yozmasak leksiya zerikarli bo'lib qoladi, chunki qiladigan ish qolmay qoladida. O'zimcha o'ylayman, bu yozishlar ham g'animat, keyin meni majburlab yozdiradigan odam topilmay qoladi. Bir adashib qo'limga ruchka tutib qolsam ham o'zi tovuq panjasi bilan yoziladigan harflarim, Microsoft Officedagi eng xunuk tushunarsiz shrift bilan bellashib qoladi. Har holda MS officeda ma'lum bir qonuniyatlar bo'ladi, menda es YO'Q. Shunisi yaxshida, men hech kimga o'xshamiman :)

Wednesday, December 30, 2009

“Olloh”, deb…



Agar dengiz chayqalsa, to’lqin qo’zg’alib, bo’ron ko’tarilsa, kemadagilar:”Olloh”, deb munojot qilurlar.
Agar yo’l boshlovchi sahroda adashsa, karvon yo’ldan og’ib, qay tomonga qarab yurishni bilmay, lol-u hayron tursa: “Olloh”, deb nido qilurlar.
Agar boshlariga musibat tushib, balolar yo’gilsa, ofatlar kattalashib, hayot tang kelsa: “Olloh”, deb duo qilurlar.
Agar eshiklar muhtojlarga ochilmasa, talabgorlar oldiga pardalar tushsa: “Ollohim”, deya yolvorurlar.
Agar chora-tadbirlar foyda bermay qolsa, yo’llar toraysa, orzu-umidlar so’nib, ishonch rishtalari uzilsa, yana: “Olloh”, deya munojot qilurlar.
Agar keng yer tor kelsa, olti tomon yopirilib, qalblarni siqsa, faqat: “Olloh”, deya yolborurlar.
Chunki jojatlarni ravo etguchi, tanglikdan kenglikka chiqarguvchi, yo’qni orga aylantirguvchi, yo’qni borga aylantirguvchi, dardlarga malham berguvchi faqat Ollohdir.
U yaxshi so’zni, xolis duoni, chin munojotni beshak qabul etur.
Unga saharlarda ko’zyosh to’kilur, hojat mahallarda qo’llar cho’zilur, sog’inchdan sarg’aygan ko’zlar termulur…Uni eslash bilan qalblar xotirjam bo’lur, rohlar taskin topur, hissiyotlar tinchlanur, asablar bosilur, aql joyiga kelur, ishonch mustahkamlanur.

Monday, December 28, 2009

Yurfak?



Juda ko’pchilik qayerda o’qishimni so’raganida, yuridik institut bilan yurfak, ya’ni yuridik fakultetni chalkashtirib yuboradi. Omma orasida mashhur bo’lgani yurfak, yuridik so’z oliy dargohga nisbatan ishlatildimi, ha yurfakda deb qo’yishadi. Bu hatto ziyoli odamlar o’rtasida ham ko’p uchrab turadi. Masalan, shifokorga qatnaganim haqida ma’lumotnoma olmoqchi bo’lganimda ham o’qish joyiga Yurfak deb yozib berishibdi. Aslida yurfak O’zbekistonda mavjud emas. Yuridik sohada yetakchi oliy dargoh Respublikada yagona Toshkent Davlat Yuridik Instituti (wikipediadan) bo’lib, bundan tashqari O’zbekiston Milliy Universitetining huquqshunoslik fakulteti mavjud; mazkur fakultet ham yuridik fakultet deb emas, balkim huquqshunoslik fakulteti deb yuritiladi. Ushbu istiloh borasida adashadigan odamlar aynan Milliy Universitetning huquqshunoslik fakulteti bilan alohida oliy dargoh Yuridik Institutni chalkashtirishadi. Odamlar orasida, ikkalasi ham bir sohaku, degan o’ylar yurishi mumkin. Hattoki ikkala dargoh ham shu sohani bitiruvchi talabalarga umumiy yurist degan diplom beradi. Ammo biri institut, ikkinchisi esa fakultet maqomida. O’zbekiston Milliy Universiteti tarkibida huquqshunoslik fakulteti universitet tashkil topgandan mavjud edi. Toshkent Davlat Yuridik Instituti esa 1991 yilda alohida institut sifatida universitet tarkibidan ajralib chiqdi. Shundan so’ng 1997 yilda Milliy Universitetda huquqshunos-pedagog fakulteti tashkil etildi va bu 2000 yilda huquqshunoslik fakultetiga aylantirildi. Bundan tashqari ikkala dargohdagi ilmiy muhit ham bir-biridan farq qiladi. 


Thursday, May 7, 2009

Kutubxonamiz...

Bolaligimda eng yaxshi ko’radigan mashg’ulotim “darsxona”gi kitoblar to’la jovon ustiga chiqib olgancha duch kelgan kitobni o’qib chiqish edi. Kitoblar ko’pligidan qaysi birini birinchi o’qish uchun tanlashni bilmay, ko’zimni yumgan holda duch kelganini tanlardim va balanroq bo’lgan shkafdanning paski qismidan sakrab tushishga ham ulgurmay jovon yonida o’tirgan go’yi o’qishga kirishib ketganimni bilmay qolardim. Hayolimda yillar o’tsa ham bu kitoblarni o’qib bitkiza olmaydigandek tuyulardi. Hech bo’lmasa maktabni tamomlaganimgacha ulgurarmikanman, deb hayratlanardim. Menimcha, dadamning biz farzandlari uchun qilgan eng katta hadyasi shu kutubxonamiz bo’lsa kerak. Men shu kitoblar orqali chekka bir shaharchada yashashimga qaramay butun dunyoni ko’ra olardim. Bizning uyimizdagi kutubxonaning ta’rifi tuman maktablaridagi mashhur o’qituvchilarning ham e’tiboriga tushgan edi. Esimda, 6-sinfligimda “Milliy istiqlol g’oyasi” fanidan ancha yillardan beri adabiyot fanidan dars berib kelayotnga tumanning faxriy o’qituvchilaridan O’roqov ma’lim dars davomida o’quvchilar bilan tanishar ekan, siz Abdullaevamisiz, ehhe bilasizlarmi bolalar, Abdullaevalarning uyida shunaqa bir kutubxonasi borki…..deb ta’riflashga tushib qoluvdilar. Shunda boshqa o’quvchilarning oldida faxrlanib ketgan edim.
Jovonning eng yuqori qatorlarida turadigan 12, 18, 20 tomlik barchasi bir xil kitoblarni o’qib bitkazish haligacham nasib qilgani yo’q. Chunki bu kitoblar rus tilida edi, rus tilidagi yozilgan kitoblarga unchalik ham tishim o’tavermas edi.

Friday, December 8, 2006

Tongda turib derazadan qaraganingda meni esla, chunki milt-milt etib ko’z qisayotgan yulduz men bo’laman. Tashqariga chiqib ketayotganingda hovli yuzidagi atirgulga bir bora qarab qo’y, gul yuzida omonatgina turgan shabnam men bo’laman. Go’yoki sening qalbingda muallaq joy topolmay omonat turgan. Ilk quyoshning zarrin nurlaridan to’yib-to’yib bahra ol, zeroki ular mening mehrimdir. Osmonda chug’ur-chug’ur sayrayotgan qushlar xonishini tinglagin, chunki u mening senga ayta olmayotgan sevgimning madhidir.

Oq tulpor va kumush rang tolning ajoyib muhabbati

grek yozuvchisi Xristos Bulotis
Oq tulpor va kumush rang tolning ajoyib muhabbati
Keng yaylovning qoq o’rtasida sarviqomat bir tol o’sardi. Bu tolning qachon va qanday qilib bu yerda o’sib chiqqanini hech kim bilmasdi. Ehtimol, bu savolga sarviqomat tolning o’zi ham javob topa olmas. Barcha mavjudot uning sarvdek qomatiyu, kamondek egiluvchan shoxlaridan, ayniqsa, kumushdek tovlanadigan libosidan zavq olardi.
Kim o’ylabdi deysiz, bu tolning qanchalik baxtsiz ekanligini. Kumushrang tol o’z nigohini qanchalik olislarga tikmasin, afsusku, bu kengliklarda birorta ham daraxtni uchrata olmas edi.
“Dunyoga kelganimdan beri yolg’izman: na bir do’stim, na bir ko’ngil yozadigan suhbatdoshim bor” deb o’ylagancha hayol surardi u.
“Odamlar juda ham yolg’iz qolishgalarida “daladagi qamish qalamchalariday yolg’iz” deyishadi, aslida ular yolg’izlikda qolganlarida o’zlarini menga, ya’ni yaylovdagi yolg’iz tolga o’xshatishsa to’g’riroq bo’lardi”.
Shu va shunga o’xshash fikrlar bilan kumushrang tolning dili doimo xufton edi. Go’yoki bu sarviqomat, kumush rang tolning baxtli bo’lishga haqqi yo’qdek tuyulardi. Uning bor yo’q yupanchi, shubhasiz, bu qushalar edi. Biroq ular bilan ham gaplashish imkoniyati deyarli yo’q edi. Bu chug’urchiq qushlar kuni bilan shoxdan shoxga sakraganicha faqat kuylagani va uxlagani kelishardi. Chug’urchiqlar hanuzgacha kumushrang tolning tilini tushunganicha yo’q, aytishadiki, daraxtlarning tilini tushunish har qanday mavjudotning ham qo’lidan kelavermaydi. Chirilloqlarni aytmaysizmi, hattoki ular ham faqat ko’ngilxushligu, uyqu uchun kelishadi. Garchi har yoz kumushrang tol ularni o’z bag’riga olib, barchasini mehmon qilsa-da, ularning hech biri tol bilan suhbat quradiganga o’xshamas edi.
Shunday qilib, oylar, oylar ketidan yillar o’tardi. Endi nochor tol uchun go’yo butun borliq rangsizdek ko’rinardi, toki hayot unga munis tabassumini hadya etgunga qadar.
Tonggi yomg’irdan so’ng saxiy oftob bor zarrin nurlarini keng yaylov uzra sochgan kuz kunlaridan biri edi. Mehribon oftob tik turganicha saxiyligining eng yuqori cho’qqisiga chiqqan pallada kumush rang tol nogoh olis-olislardagi qirlar ortidan samandek yelib kelayotgan oppoq tulporga ko’zi tushdi. U go’yoki qordan-da oqroq edi. Bunchalik mag’rur va uchqur ot hali bu yaylovga qadam qo’ymagan edi, uning nazarida.
“Naqadar jozibador, u har sakraganida uning yollari go’yoki qadamiga hamohang raqsga tushayotgandek”, deb hayolidan o’tkazardi bo’ylari sarvdek tol.
Birmuncha o’tmay otning ustidagi o’rta yoshlardagi chavandoz bo’rligi ko’zga ko’rina boshladi. “Shubhasiz, bu tulporning xo’jayini”, deb o’yladi tol. Tulpor yaqinlashgan sari tol unga qarab to’ymasdi. Tulpor tol yonida to’xtab, xo’jayini uni kumushrang tolning tanasiga bog’lab qo’yganida, tolning xursandchiligidan yuragi qinidan chiqay dedi. Xo’jayin shu atrofdagi dalani sotib olgan dehqon edi, shubhasiz.
“Bu dalada ish qanchalik uzoq davom etsa, men ham shunchalik hamrohim bilan birga bo’laman”, deya hayolidan o’tkazdi va tolning baxtiyorligidan kumush rang barglari yanada tovlanib ketdi. “Kimning hayoliga kelibdi deysiz, mening hamrohim shunchalik go’zal bir tulpor bo’lishini!”
Biroq tulpor unga qayrilib ham boqmadi. Avvalasiga, tulporning bir daraxt bilan suhbat qurib hamroh bo’lishi hayoliga ham kirib chiqgani yo’q. Ikkinchidan esa, uning ko’ngli daraxtlarni unchalik ham xush ko’rmas edi, chunki uni tez-tez daraxtlarga bog’lab qo’yishardi. Tulpor esa keng dalalar va adirlar uzra yeldek, ozod uchib yurishni afzal ko’rardi. Kelib-kelib daraxt bilan hamroh tutinarmidi, buning ustiga daraxtlar gapirishni ham bilmasa.
Bir kun o’tdi, uning ketidan ikkinchi va xuddi shunday uchinchi kun ham o’tdi: kumushrang tol esa o’z poyida shu qadar go’zal tulpor tursa-da, yana o’zining oldingi g’am va anduhlariga ko’mildi.
Tol bir necha bora tulporga gapirishga harakat qildi, ammo tulpor esa buni tushunmadi ham.
Ketma-ket kunlar, uzundan-uzoq soatlar shu holicha bog’liq turgan tulporni ham sekin-asta yolg’izlik o’z domiga torta boshladi.
Bir kuni peshin paytida tulpor boshini yuqoriga ko’targancha bor nazari bilan tolga boqdi. Tolning go’zalligidan tulporning ko’zlari qamashib ketdi.
“Voajab! Bunchalik sarviqomat! Naqadar go’zal! Barglarini aytmaysizmi, xuddiki ular uzra haqiqiy kumush yashiringandek! Bu keng yaylov uzra bechora tol yolg’izligidan qanchalik baxtsiz bo’lsa-a!?”, deya tulpor o’ziga-o’zi pichirlaganicha yana tol jozibasidan zavqlanishda davom etdi .
--Ey tulpor, meni tushunganing uchun rahmat senga,- degan mayin, erkin bir sado tol barglari orasidan eshitildi.
Tulpor esa o’z quloqlariga ishonmas edi. Tolning so’zlagani esa haqiqat edi.
--Nahot daraxtlar ham so’zlasa?,- hayratlanib dedi tulpor, -men faqat hayvonlar tilini bilaman, qanday qilib sening tilingni tushunayapman?
Nihoyat oq tulpor tolni eshitib, unga javob qaytarganidan xursand bo’lgan tol dedi:
--Dunyoda har bir mavjudot o’z tiliga ega. Bu tilllarni o’rganish uchun esa ko’p yillar kerak bo’ladi. Ammo dunyoda shunday tillar ham borki, ularni tushunish uchun faqatgina tushunishni xohlashning, senga gapirishga harakat qilayotganlarga diqqatingni qaratishning o’zigina kifoya…

…Shu orada bahor keldi. Bu faslda tabiat tolga shunday bir go’zal libos hadya etdiki, hali yer yuzida bunaqangi go’zal kumush rang tol bo’lmagan edi go’yo. Oq tulpor esa undan zavqlanardi. Latofatli tol uzra jamiki qushlar yig’ilib, eng dilrabo kuylarini chug’urlagancha kuylashardi. Tunlari yaylovga sayrga chiqqanlarning ham keti uzilmasdi. Shunday kunlarning birida ularning do’sti to’lin oy atrofida millionlab yulduzlari bilan tashrif buyurdi. To’lin oy engasha-engasha tolning eng yuqori shoxiga qo’ndi.
--Sizga mukofotingizni olib keldim, mana, oling!, -dedi shodlangancha oy va ularga bir qizil tugunchani uzatdi, -buni menga qo’shni yulduzdan bir go’zal suv parisi berib yuborgan edi. Uning ichida sehrli tilla kukun bor! Boshingiz uzra kukunni sochar ekanman, ikkingiz ham bir tusga kirasiz va bundan buyon ikki xil mavjudot bo’lmaysizlar. Muhabbatingiz yo’lida hech qanday to’siqlarga uchramay, davru-davron surasizlar. Tanlang: Ot bo’lib yashashni xohlaysizmi yoxud tol bo’libmi?
Shunda faqatgina haqiqiy muhabbatlarda bo’ladiganidek tol va tulpor bir-birini fikrini o’qigandek baravariga javob berishdi:
--Hadyang uchun rahmat, to’lin oy! Lekin biz qanday bo’lsak, shundayligimizcha qolishni xohlaymiz. Bizlar shunchalik baxtiyormizki, muhabbatimizning hech qanday sehrli kukunga ehtiyoji yo’q.
--Men shuni yaxhsi bilamanki,-davom ettirdi tol, -mening tulporim uzoq-uzoqlarda erkin, ozod kezishni sevadi.Men esa otdek sakrash to’g’ri kelmaydi. Menga qisqa tungi sayrlarning o’zi ham yetarli. Men aksincha mayin shabadada yengil tebranishni afzal ko’raman.
--Mening kumush rang tolim haq,-deya qo’shimcha qildi tulpor, -men uning poyida dam olaman va doim uning yoniga qaytib kelaman. Ikkimizga ham muhabbatimiz shu yo’sinda bo’lgani ma’qul! Biz shundayligimizcha ya’ni u tolligicha, men esa tulporligimcha qolamiz.
Tulpor o’z so’zini hali tugatib ulgurmasidanoq to’satdan oyoqlari ko’tarilganini his qildi. Tol birinchi marta hech qanday og’riqlarsiz pastga egildi. Shunday qilib ular ilk bo’sasini bir-biriga hadya etishdi…
Bu marhamatdan esi og’ay degan to’lin oy chapak chalib, bor ovozi bilan qichqirib yubordi:
--Ey insonlar, uyg’oninglar, yer yuzidagi eng beg’ubor muhabbatga qaranglar!
Bu tun to’lin oy samo uzra o’z sayohatini davom ettirishni unutgan yagona tun edi.

Tarjimonlar: Zendro & Dido
Dec 8, 2006
16:39 p.m.