Pages

Monday, December 28, 2009

Yurfak?



Juda ko’pchilik qayerda o’qishimni so’raganida, yuridik institut bilan yurfak, ya’ni yuridik fakultetni chalkashtirib yuboradi. Omma orasida mashhur bo’lgani yurfak, yuridik so’z oliy dargohga nisbatan ishlatildimi, ha yurfakda deb qo’yishadi. Bu hatto ziyoli odamlar o’rtasida ham ko’p uchrab turadi. Masalan, shifokorga qatnaganim haqida ma’lumotnoma olmoqchi bo’lganimda ham o’qish joyiga Yurfak deb yozib berishibdi. Aslida yurfak O’zbekistonda mavjud emas. Yuridik sohada yetakchi oliy dargoh Respublikada yagona Toshkent Davlat Yuridik Instituti (wikipediadan) bo’lib, bundan tashqari O’zbekiston Milliy Universitetining huquqshunoslik fakulteti mavjud; mazkur fakultet ham yuridik fakultet deb emas, balkim huquqshunoslik fakulteti deb yuritiladi. Ushbu istiloh borasida adashadigan odamlar aynan Milliy Universitetning huquqshunoslik fakulteti bilan alohida oliy dargoh Yuridik Institutni chalkashtirishadi. Odamlar orasida, ikkalasi ham bir sohaku, degan o’ylar yurishi mumkin. Hattoki ikkala dargoh ham shu sohani bitiruvchi talabalarga umumiy yurist degan diplom beradi. Ammo biri institut, ikkinchisi esa fakultet maqomida. O’zbekiston Milliy Universiteti tarkibida huquqshunoslik fakulteti universitet tashkil topgandan mavjud edi. Toshkent Davlat Yuridik Instituti esa 1991 yilda alohida institut sifatida universitet tarkibidan ajralib chiqdi. Shundan so’ng 1997 yilda Milliy Universitetda huquqshunos-pedagog fakulteti tashkil etildi va bu 2000 yilda huquqshunoslik fakultetiga aylantirildi. Bundan tashqari ikkala dargohdagi ilmiy muhit ham bir-biridan farq qiladi. 


2 comments:

  1. Yuridik Institutda ham fakultet degan narsa bormi?

    ReplyDelete
  2. Albatta, Yuridik Institutda ham fakultetlar bor: 3 ta fakultetga bo'linganmiz. Ammo fakultetlar maxsus yo'nalish bo'yichamas, ma'muriy boshqarish qulay bo'lishi uchun bo'lingan. Shuning uchun ham fakultetlar 1-huquq, 2-huquq va 3-huquq deb nomlanadi. Fakultetlar o'rtasida o'tiladigan fanlarda ham, yoki umuman hech bir sohada tafovut yo'q. Hamma birday huquqshunos talaba bizlarda.
    Oldin, fakultetlar sohalarga ajratilgan edi. Masalan, 1-huquq bu davlat qurilishi va boshqaruvi fakulteti, 2-huquq bu fuqaroviy huquqiy faoliyat fakulteti va 3-huquq bu jinoiy huquqiy faoliyat fakulteti. Ammo bu ko'rinish men o'qishga kirgandan so'ng, to'g'rirog'i 2005 yildan boshlab o'z kuchini yo'qotdi. Men esa sobiq jinoiy huquqiy faoliyat fakulteti, "SP", ya'ni 3-huquq fakultetida o'qiyman.

    ReplyDelete