Pages

Friday, April 23, 2010

Salomlashish qoidalaridan


Ma’lumki, Payg’ambarimiz s.a.v. Me’roj kechasi Alloh taolo bilan uchrashadi. Uchrashuvdagi aynan so’zlar namozning ayrim qismlariga aylangan. Namozda qa’daga o’tirgach “Attahiyat” da nima uchun birinchi Alloh taolo Rasuliga salom beradi va Rasululloh s.a.v. ikkinchi bo’lib salom beradi, deb doim o’ylab yurardim. Shuncha paytdan beri qunt qilib shu narsani so’rab surishtirmagan edim. Kecha eski Irfon taqvimlaridan birida juma mav’izasidan salomlashish haqida o’qib qoldim. Unda salom berish qoidalari bir qator yozilgan bo’lib, men tushunmay yurgan masalaga quyidagicha javob berilgan ekan: “Boyligi, mulki ko’p bo’lgan odam avval salom beradi. Me’roj kechasi Payg’ambarimiz alayhi salom Alloh bilan ro’baro’ bo’lganlarida avval Alloh salom bergan”.

Monday, April 12, 2010

"Biz baxtli oila quramiz" dan

Bugun darsdan keyin kutubxonada qolib davlat imtihonlariga tayyorlanmoqchi edim. O'zim bilan uydan Shoira Nuritdinova to'plab nashrga tayyorlagan "Biz baxtli oila quramiz" degan kichkina kitobcha ham olib chiqqan edim, bu kitob zo'rlik qildi. Xullas, imtihonga tayyorlanish ertaga qoldi, xudo xohlasa.

Kitob menga juda ham yoqdi, ayniqsa yosh qizlar (yigitlar) uchun yaxshi turmush o'rtoq, yaxshi kelin (kuyov) bo'lish va umuman Rasululloh s.a.v.ning sunnatlariga ergashuvchi yaxshi banda bo'lish haqidagi gaplari, nasihat va maslahatlari boshqa kitoblardagidan ko'ra ko'proq, soddaroq va yaxshiroq yetkazib berilgandek tuyuldi.

Kitobga qalam bilan belgilab qo'ygan menga yoqgan joylarini shu yerga post qilmoqchiman.

Thursday, April 8, 2010

O'ng oyoq va chap oyoq bayoni


Bugun Hoji Ahmadjon Bobomurodning “E’tiqod musaffoligi yo’lida” deb nomlangan kitobchasini bo’sh vaqtim bo’lganida o’qirman deb olib chiqgan edim. Kitob bizning jamiyatimizda o’rnashgan turli-tuman irim-sirimlar va haqiqiy shariat qoidalari o’rtasiga aniqlik kiritish, omma ruju qo’ygan ko’plab bo’lmag’ur irimlarni oshkor qilish, ularning asl bayonini so’zlash bilan e’tiqod musaffoligi uchun juda foydali kitob ekan. Quyida shu kitobchadan iqtibos keltirishni xohladim. Bu narsadan ko’pchiligimiz xabardormiz, ammo meni uning ortidagi ma’nosi o’ziga jalb qildi. Shunday qilib, sizga ham ilindim:

Tuesday, March 23, 2010

Tamal toshi

Shunday qilib, ancha paytdan beri qilib yurgan ahdu paymonimizni oraga ovoza qilib, 20-mart kuni Fotiha to'yimiz, ya'ni unashtirish to'yimiz bo'lib o'tdi. Qallig'im bu marosimni qurilajak turmushimizning tamal toshi deb atadi. Allohdan qurilajak turmushimizni har ikkimiz uchun, har ikki dunyoimiz uchun xayrli qilishini so'rayman. Meni qatorimdagi qizlarga ham, qallig'im qatoridagi yigitlarga ham shu yo'lni berishini tilayman.

Monday, March 22, 2010

Yangi safar

Har gal Nurotaga borganimda oqib yotgan issiq suv yo'q, hammom har doim yoqig'liq turmaydi, buncha shamol buncha chang, deb ozorlanaverardim. Go'yoki o'zim osmondan tushib qolganday...Odam yaxshi sharoitga tez o'rganib ketadi, yomonroq sharoitga moslashishi qiyinroq kechadi. Shu safar Nurotaga borganda tog'li qishloqlardan biridagi qarindoshimiznikiga sovchilikka bordik. Baland-baland qirlarning ustiga qurilgan uylarda yashashadi. Shamol ham tabiatiga yarasha kuchli va sovuq bo'larkan. Undan keyin esa dashtdagi otar (cho'ponlar qo'ylarini boqib, yashaydigan joy) ga bordik. Xayriyat, shu yil otarga elektr tokini o'tkazishibdi. Keng dalani o'rtasida bitta uy, ikki xona bir dahlizli. Hojatxona va yuvinish uchun joy xohishingizga ko'ra :) Shularni ko'rib o'zimni injiqliklarimdan uyalib ketaman. Qarang, bu yerda yashayotgan odamlar qanday baxtli. Nigoh tikkanda ko'zlar chegarasini topa olmaydigan tekislik va adirlar atrofni qurshagan joylar, ko'zlar dam oladi. Shaharning to'rt ta beton devorida quyosh nurini topa olish ham qiyinlashib ketdi. Qirlarga chiqib yugurib-yugurib keldik. Oyoqlarning tuguni yoyildi.
Toshbaqa, yangi tug'ilgan barra qo'zilar, uloqchalar, eshak va kuchuk mushuklar bilan do'stlashib, yayrab keldik.Bularning hammasi uchun Yaratganga shukrimni aytaman. Ilohim, menga insof va injiqliklarimga yakun bersin.

Monday, March 1, 2010

shunchaki o'ylar...

Bugun "O'zbekiston xalqlari siyosiy-huquqiy ta'limotlari tarixi" fanidan leksiyada o'tirgandik. Mavzu Alisher Navoi, Mirzo Ulug'bek va Boburning siyosiy-huquqiy qarashlari haqida ekan. Domla maxsus adabiyotlar ro'yxatini yozdirayotgan edi, 3-Saddi Iskandariy, dedi. Odatda, adabiyot yozilayotganda birinchi muallif ismi, keyin adabiyot yoziladi. Domla nimagadur bu asar muallifini aytmay ketdi. Shunda kursdosh bir qizimiz, muallifini kim, deb qoldi. Butun potok 2-3 minutlar shovqin suron ichida qoldi. Kulgani kim, adashibdida degani kim. Domla ham hayratlanganicha, aniq javobni aytmasdan, u-bu gapni gapirsa, javob berayotgan qiz dovdiragancha shu yoshga kirib, shunday oliy dargohda o'qib turib, Saddi Iskandariyning muallifi kim ekanligini bilmasligini, mayli u ham bir chekkada qolaversin, tartib raqam bilan ketayotgan adabiyotlar ro'yxatidan mavzu nomi bilan ham mantiqan o'ylay olmayotganini hammaga oshkor qildi. Yonimda o'tirgan yana bir qiz "tochna adashib kirib qogan" dedi. Ha, adashish ham shunchalik bo'ladimi. Bir kulgim keldi, bir xijolat chekdim, bir essiz degim keldi. Qaysi biri o'rinli? Hech bo'lmasa, metroni A. Navoi stansiyasida ham Saddi Iskandariy deb yozib qo'yilgan. Bu qiz metrodan yurarmidi o'zi? Adashib kirib qolganlar... unaqasi bizda ko'p. Qanchadan qancha yoshlar esa adashib kira olmay qolishadi, shunisi achinarlida. Juda ko'pchilik adashib kirib qoladi bizning institutga.