Ikki haftalar olding Institutimizga Germaniya Oliy sudi sudyalaridan biri tashrif buyurdi. Aslida Senatga tashrif buyurgan sudya xonim rektorimiz taklifiga binoan talabalar bilan suhbat o’tkazdi.
Sudya xonim oila munosabatlari bo’yicha mutaxassis ekan. Germaniya oila huquqi to’g’risidagi tanishtiruv ma’ruzasidan so’ng savol berish navbati talabalarga o’tdi. Rektorimiz chet ellik mehmonlar kelganda xorijiy tillarni biladigan talabalari bilan maqtanishni yaxhsi ko’radi. Tarjimon bo’lishiga qaramay ingliz tilida savol berdik. Oramizda bitta bo’lsa ham nemis tilini biladigan talaba qiz topildi, u nemis tilida savol berdi. Albatta, bundan sudya xonim xursand bo’lgan bo’lsa kerak.
Savollar asosan oilaviy munosabatlardagi ajralishlar haqida edi. Talabarni qiziqtirgan narsalar ko’proq statistik ma’lumotlar bo’ldi. Meni qiziqtirgan savol oila sudlariga sudlarning tayyorlanishi, ularning ta’lim jarayoni edi. Ammo, suhbat davomida o’rtaga tashlangan bir savol e’tiborni jalb qildi: bu nikoh shartnomasi edi. Nikoh shartnomasiga O’zbekistonda kirishayotganganlar foizi qancha ekan? Men hozirgi kungacha biron kishining nikoh shartnomasiga kirishibdi, degan xabarni eshitganim yo’q. Eslayman, ikkinchi kursligimda huquqshunos akam uylangan edi, o’shanda men nahotki siz yurist bo’la turib nikoh shartnomasi tuzmaysiz deganimda, esing joyidami degandi. Xosh, nikoh shartnomasi tuzmaslikning nimasi yomon?